O‘zbekiston aholisi 10-may kuni noyob tabiat hodisasi — Quyosh galosiga guvoh bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona, Andijon, Namangan osmonida Quyosh atrofida kamalakka o‘xshash halqa ko‘rinayotgani aks etgan surat va videolar tarqaldi.

Foto: Videodan kadr

Bu kabi optik hodisalar kamyob holat hisoblanib, ilmiy tilda galo deb ataladi. Asosan muz kristallaridan tashkil topgan patsimon qatlamli baland bulutlarda yorug‘likning sinishi va qaytishi natijasida ro‘y beradi. Galo ko‘pincha yorug‘ rangdor doira, doira yoyi, yorug‘ ustunchalar, dog‘lar va boshqa shakllarda Quyosh yoki Oy atrofida kuzatiladi. Hodisaning shakli va yorqinligi kristallarning joylashishiga bog‘liq.

Bundan avval, 6-aprel kuni kechasi Andijon va Namangan viloyatlari aholisi  O‘zbekiston osmonida yorqin chaqnoqqa guvoh bo‘lgandi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari Yusufjon Tillayev bu kosmik chiqindi, ya’ni kosmik kemaning o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan qismi yoki kosmik jism, asteroid parchasi bo‘lib, bolid ko‘rinishida namoyon bo‘ldi, deya taxmin qilgandi.