Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida YPX xodimlari talabiga bo‘ysunmay qochib ketgan Cobalt haydovchisi va unga yordam bergan ikki fuqaro jazolandi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 24-mart kuni Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan 4R35 Jizzax—Gagarin yo‘lida Cobalt’da harakatlanib ketayotgan haydovchiga YPX inspektori to‘xtash ishorasini ko‘rsatganda haydovchi to‘xtamasdan harakatni davom ettirgan.

Uning orqasidan kuzatib kelayotgan YPX xodimidan qutulish maqsadida o‘rtoqlariga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘ragan. O‘rtoqlari darhol yetib kelib, YPX mashinasi qoidabuzarning mashinasiga yetib kelishiga xalaqit bergan va bu vaziyatdan foydalangan Cobalt qochib ketgan.

Xabarda aytilishicha, ular avval ham shunday qoidabuzarlik sodir etib, jazolangan bo‘lgan. Holat yuzasidan ikki qoidabuzarga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, yana bir haydovchi birinchi marta shunday huquqbuzarlik sodir etganligi va chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olgan holda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 128-moddasi (haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) bilan BHMning 5 baravari (1 million 225 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi belgilangan.