Mitti avtomobillar ishqibozi bo‘lgan Jeyms Skudder ulardan birini “kattalar uchun mo‘ljallangan” transport vositasiga aylantirishga qaror qildi va buni uddaladi: “podveska” va bosh qo‘ygichi yo‘q o‘yinchoq rodsterga Buyuk Britaniyadagi umumiy yo‘llarda harakatlanishga ruxsat berilgan, deb yozadi Motor.

Foto: Car Throttle

Skudder tomonidan qayta ishlov berilgan plastik elektrokar RiiRoo Super Sport XL modeli bo‘lib, u tashqi ko‘rinishi jihatidan Porsche Boxter’ga o‘xshab ketadi va bolalar mashinasi bo‘lishiga qaramay, ko‘plab funksiyalarga ega. Xususan, unda pnevmatik shinalar, bosh optika, stop-signallar va burilish chiroqlari, ochiladigan eshiklar va hatto audiotizim mavjud.

Biroq modelning “podveska”si umuman yo‘q, shu sababli uni shahar yo‘llarida haydash ancha murakkab. O‘lchamining kichikligi hamda mitti o‘rindiq, shuningdek, ko‘rkam antiqanot mashinaning manyovrchanligini yanada qiyinlashtiradi.

RiiRoo Super Sport XL’ga 180 vatt energiyani taqdim etuvchi 12 voltli motorcha o‘rnatilgan. Skudder uni 650 vattli dvigatelga almashtirgan bo‘lib, uning yordamida mashina soatiga 35,4 kilometr tezlikda harakatlana oladi. Bundan tashqari, rodsterga qo‘shimcha batareya ham o‘rnatilgan bo‘lib, uning yordamida bir marta quvvatlanish orqali mashina 6,4 kilometr yo‘l bosa oladi.

Foto: Car Throttle

Xavfsizlik kamari, bosh qo‘ygich va boshqa himoyalarsiz mashinaga qanday qilib oddiy yo‘llarda harakatlanishga ruxsat berilgani noma’lum. The Drive nashrining taxminicha, rodster avtomobillarning bazaviy individual tekshiruvidan o‘tgan.

Avvalroq britaniyalik bloger Mett Denton plastik ehtiyot qismlardan dunyoga mashhur Lego konstruktori uslubida yaratilgan yangi poyga mashinasi versiyasini yasagandi. Muhandis 3D-printerda chop etilgan o‘zining transport vositasini soatiga 50 kilometr tezlikda haydashga muvaffaq bo‘lgan.