BAAning Masdar kompaniyasi Surxondaryodagi quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish loyihasi bo‘yicha eng jozibador narxni taklif etdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Masdar

12-may kuni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 200 megavatt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi (QFES)ni qurish bo‘yicha loyihaning moliyaviy takliflarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyihani amalga oshirishga 54 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirgan. Ulardan ikki bosqichli tanlovdan so‘ng 5 ta malakali ishtirokchi o‘zlarining takliflarini (tijorat, texnik va moliyaviy) taqdim etgan, shulardan 4 tasi moliyaviy takliflar bosqichida qatnashgan:

Foto: Energetika vazirligi

Moliyaviy takliflarning talab qilingan mezonlarga muvofiqligini baholagandan so‘ng loyihani amalga oshiradigan investorning nomi e’lon qilinadi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 gigavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturining bir qismi hisoblanadi. Dastur O‘zbekiston Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ushbu dastur mamlakatda tobora ortib borayotgan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun 2030-yilga qadar mamlakatda 5 gigavattgacha ekologik toza quyosh energiyasini ishlab chiqarish strategiyasining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ushbu dastur doirasida kamida 200 megavatt o‘zgaruvchan tok quvvatiga ega bo‘lgan QFES loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ishlab chiqaruvchi — investor 220 kilovatt yangi podstansiyani va 500 kilovattli Surxon podstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometr elektr uzatish tarmog‘ini qurishi kerak.

Avvalroq O‘zbekiston Energetika vazirligi va Phanes Group xalqaro kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyati Nurota tumani hududida quyosh elektr stansiyasi qurish to‘g‘risida investitsiya shartnomasi imzolangani to‘g‘risida xabar berilgandi.