“Akademnashr” nashriyoti mutafakkir, publitsist, jamoat va din arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlab uning ikki jildlik “Tanlangan asarlari”ni chop etdi. Kitoblarga muallifning 1903–1918-yillarda e’lon qilgan ijtimoiy-siyosiy maqolalari, nutqlari jamlangan. Bunga qo‘shimcha, adib taklif etgan siyosiy loyihalar, mahalliy va “Ulfat”, “Tarjimon”, “Sho‘ro” kabi xorijiy nashrlarda bosilgan maqolalari, ayrim arxiv materiallari mutaxassislar ko‘magida ilk marta e’lon qilingan.

Foto: Telegram / @akademnashr

“Daryo” Behbudiyning yangi chop etilgan “Tanlangan asarlari”ga ham kiritilgan eng muhim maqolalaridan biri — “Millatlar qanday taraqqiy etarlar”ni qayta e’lon qiladi. Bundan salkam 108 yil avval yozilgan mazkur maqola bugun ham dolzarbdek, qimmati va qadri tushmagandek; vaqt-u zamon o‘zgarsa ham, azaliy qarashlar o‘zgarmagani, tanazzul va taraqqiyot o‘rtasidagi ip nechog‘lik omonatligini jadidlar sinchidek ro‘y-rost ko‘rishganini arxivlarda qolgan meroslari yana bir karra tasdiqlaydi.

Millatlar qanday taraqqiy etarlar?

“Samarqand” gazetasining 1913-yil 30-iyulda chiqqan 31-sonida Mahmudxo‘ja Behbudxo‘ja imzosi bilan e’lon qilingan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy.

Foto: “Behbudiy.uz”

Millatlar taraqqiyig‘a bir necha sabablar bo‘lub, tub sababi ulamo ila ag‘niyoning hamiyat va g‘ayratlaridur. Taraqqiy qilg‘on va yo endi taraqqiy qilguvchi millatlar ahvolig‘a diqqat qilinsa, mazkur ikki sinf muhtaramni o‘z millatlarig‘a so‘z va aqcha ila xizmat etganlari favran hozir bo‘lur.

Har millatning ulamosi, ahli qalami, mutafakkiri o‘z millatining oyandasi uchun yo‘l ko‘rsatur, mashvarat berur, millat axloqining islohi uchun masjidlarda pand va nasihat berur, maktab va madrasalarda dunyo va oxiratda kerak ilm va fan ta’lim berarlar, kitob va gazet ila ummatni muslihi uchun bahs va mukolamalar qilurlar.

Taraqqiy qilguvchi millatlarning ulamosi zamondin boxabar bo‘lib, o‘z millatining “masolihi zamoniya”si uchun sa’y etar, millatning peshraftig‘a aqcha ila, hayrat ila iona qilmoqni millat boylarig‘a taklif etar, tashviq va tahris etar. Xulosa, har millatni(ng) ulamosi, ahli qalami millat uchun so‘ylar, yozar va havoiji milliya va zamoniyani o‘z millati mansubig‘a bildirar. Zamona ag‘niyolari o‘z millatlarini zamoniycha kerakligi yo‘linda aqcha sarf etarlar. Masalan, yangi usulda zamonaviy maktablar bino etib, zamoniycha odam tayyorlamoq uchun harakat etarlar. Hukumatni o‘rta va oliy maktablarig‘a o‘qiydurg‘on o‘z millat bolalarig‘a ionat etarlar. Va bechora hamjinslarini diniy va dunyoviy maktablarig‘a berub, o‘z xarajatlari ila o‘qutadurlar.

Rus, armani, yahudiy va boshqa Rusiyadagi vatandoshlarimizni boylari doimo o‘z millatlari uchun katta xayr va ehsonlar qiladurlar, inchunin, Kafkaz, Qrim, Qozondagi musulmon birodarlarimizni(ng) boylari, ulamosi va ahli qalami, sohibi fikri o‘z birodarlarig‘a mol, aqcha, qalam va ilm ila ko‘b iona qiladurlar.

Ammo bizni(ng) Turkistonda bu ishlardin so‘ylamoqqa hanuz navbat kelgan yo‘q. Har kim o‘z nafi va o‘z shaxsiy ishi ila sargardon, umumiy yoinki diniy va milliy ishlarni oyandasi uchun, millatni zamona odamlaridek taraqqiy etmog‘i uchun, xaloyiqni islohi axloqi uchun g‘am tortuvchi va harakat etguvchi yo‘qdur.

Bir karra diqqat qilib, mahalla-ko‘y va qishloq xalqlariga qaralsun. Avomlik, beilmlik naqadar ko‘paygan. Biz musulmonmiz. Musulmonlikg‘a ilm lozim, amal lozim. O‘qumoq kerak. Nima uchun boshqa millatlarda yuza bir nafar besavod yo‘q ekan, biza yuza bir nafar savodlik yo‘q?

Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosig‘a tobe ekan, bizni ulamo bil’aks avomg‘a tobedur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma, o‘ttuz sana so‘ngra yana yomonroq bo‘lur, musulmonlik ilm va adab ila qoim, millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur.

Bugun islohi maktab-madrasa, ya’ni islohi millatg‘a ko‘shish qilinmasa, rub’i asrdin so‘ngra diyonat barbod bo‘lur va aning javobi mas’uliyati bugungilarg‘a qolur. Bu mas’uliyatdin qutulmoq uchun millatni diniy ilm va dunyoviy ilm-fanlar o‘qumoq uchun targ‘ib qilmoq kerakdur. Diniy ilm ila fanlarning o‘rni maktab va madrasalardur.

Dunyoviy fanlarni o‘rni hukumat maktablaridur, ikkisig‘a o‘qumoq uchun aqcha lozimki, ul aqcha boylarni kissai hamiyatidan chiqsa kerak.

Har zamon uchun asbobi isloh va taraqqiyi ionat boshqarur. Millatg‘a ionat etmoq uchun, islohi maktab va mudarris uchun, rusiy maktablarig‘a bola tayyorlamoq uchun, dehqon va san’atkorlarni rivoj bermoq uchun “Jamiyati xayriya”, “Nashri maorif”, qiroatxonalar, fo‘ndlar, kurjuklar, jaridalar, majallalar, nashriyotlar… kerakdur. Millatlar taraqqiysi shul ila bo‘lur va bu ishlarg‘a aqcha kerakdur, aqcha boylarda va afrodda!

Maro ba tajriba ma’lum shud daro har kor,

Ki qadri mard ba ilm ast, qadri ilm ba mol*.

(*ma’nosi: Mening har bir ish tajribamdan shul ma’lum bo‘ldiki, mard, ya’ni er kishining qadri ilmda, ilmning qadri molda ekan)