Namangan viloyatida dori vositalarini noqonuniy ravishda saqlayotgan va mamlakat hududiga olib kirayotgan shaxslar aniqlandi, deya xabar bermoqda “Yuz.uz”.

Foto: “Yuz.uz”

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Namangan shahrida yashovchi 1986-yilda tug‘ilgan G‘.D. va 1962-yilda tug‘ilgan X.O.ning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirildi.

Natijada ulardan hech qanday tegishli hujjatlari bo‘lmagan 51 turdagi umumiy qiymati 1 milliard 300 million so‘mlik dori vositalari protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.

Aniqlanishicha, ushbu dori vositalari qo‘shni Qirg‘izistondan viloyat hududiga Yangiqo‘rg‘on tumanidagi aylanma yo‘llar orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilgan.

Shuningdek, Chust tumani “Yuqori G‘ova” mahallasida yashovchi 1988-yilda tug‘ilgan X.J. 67 turdagi umumiy qiymati 700 million so‘mlik dori vositalarini avtomashinada Qo‘qon shahriga olib ketayotgan vaqtida Pop tumani hududida to‘xtatilib, undan dori vositalari tegishli tartibda olib qo‘yildi.

U mazkur dori vositalarini Qirg‘izistonning Ola-buqa tumanida yashovchi, 1976-yilda tug‘ilgan shaxsdan olib, aylanma yo‘llar orqali O‘zbekiston hududiga o‘tkazgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Farg‘onada 34 million so‘mlik kimyoviy dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgani, Marg‘ilonda 32 yashar ayol tomorqasida ko‘knori yetishtirayotgani aniqlangani hamda Surxondaryoda 500 gramm giyohvand moddani organizmida olib kirishga uringan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.