Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarida rus tilini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlashni buyurdi, deb yozadi “TASS”.

Foto: rg.ru

Putinning so‘zlariga ko‘ra, MDH mamlakatlarida rus tilini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan, bu sohada qo‘shimcha choralar ko‘rish kerak.

“Yaqin xorijdan keladigan yoshlar, iqtidorli yoshlar uchun oliygohlarimizda tahsil olish imkoniyatini yaratish MDHdagi hamkorlarimiz bilan birgalikda amalga oshiradigan ishimizning muhim tarkibiy qismidir. Ammo bu borada, biz ushbu mamlakatlarda rus tilini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlab, mazkur tilni rivojlantirishga munosib e’tibor qaratishimiz kerak”, — dedi Rossiya prezidenti hukumat yig‘ilishida.

Putin bu borada “bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emas”ligi sababli ta’lim vaziri Sergey Kravsovga qo‘shimcha takliflar kiritishni buyurdi. “Bugungi ishlardan ko‘ra ko‘proq harakat qilish mumkin va shunday qilish kerak ham”, — dedi Putin.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, u rus tilini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash masalasini qo‘shni mamlakatlardagi hamkasblari, jumladan 8-9 may kunlari Rossiyaga ishchi tashrif bilan kelgan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan muhokama qilgan. Shuningdek, Putin Sergey Kravsovdan Tojikistondagi ishlar bo‘yicha ham tegishli takliflar berishini so‘radi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda faqat mintaqa hukumatining sa’y-harakatlari kamlik qiladi. “Bizning ko‘magimizsiz bu yo‘nalishdagi muammolarni samarali hal qilishning iloji yo‘q. Ularning hal qilinishi bizning manfaatlarimizga to‘la mos keladi, shuning uchun bu borada faol ish olib borishimiz  kerak”, — dedi Putin.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi rus tilini rasmiy davlat tili deb tan oldi. Tog‘li Qorabog‘ning davlat tili arman tili hisoblanadi. Rus tiliga esa rasmiy maqom berildi.

Shuningdek, Qirg‘izistonda rus tilining rasmiy til maqomi saqlab qolinadigan bo‘ldi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda rasmiy tillardan biri, shuningdek, millatlararo muloqot tili bo‘lgan rus tilining maqomini o‘zgartirishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi chiqishini ma’lum qilgan.