Bugatti kompaniyasi Baby II nomli ikki o‘rindiqli bolalar avtomobilini yetkazib berishni boshladi. Vitesse ishtirokida yaratilgan modelni birinchi bo‘lib Ol-Maqtum aeroportidagi xususiy samolyotlar terminalining operatorlaridan biri — Jetex kompaniyasi sotib olgan. Mashinadan VIP-yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladi, deb yozadi Motor.

Foto: Bugatti Baby II

Ushbu nusxa buyurtma asosida yig‘ilgan: u karbondan tayyorlangan, Jetex Orange to‘q sariq rangiga bo‘yalgan, retro-uslubdagi yorug‘lik diod faralari va stop-signallar o‘rnatilgan. Salonida charm o‘rindiqlar joylashgan.

Bugatti Baby II narxi 71 ming yevroni tashkil etadi. 250 kilogrammli mashina 13 ot kuchiga ega elektromotor yordamida harakatga keladi: maksimal tezligi soatiga 70 kilometr, 60 kilometr/soat tezlikka esa Baby II olti soniyada erishadi.

Buyurtmaga ko‘ra modelning kuchsizroq motorga ega arzonroq variantlari ham tayyorlanadi. Masalan, 1,4 ot kuchiga ega Baby II narxi 30 ming yevroni tashkil etadi, qo‘shimcha qurilmalar va ranglarsiz Vitesse versiyasini 43,5 ming yevro, Pur Sang modifikatsiyasini 58,5 ming yevroga xarid qilish mumkin.

Foto: Bugatti Baby II

Baby II bolalar uchun yaratilganiga qaramay, ayrim buyurtmachilar undan boshqa maqsadlarda foydalanishni reja qilgan. Jetex operatoridan tashqari ushbu mashinani garajida Bugatti Type 35 va 1927-yilgi noyob Bugatti Baby saqlanuvchi belgiyalik kolleksioner ham sotib olgan. U Terre D’or charm saloniga ega Nocturne Black rangli versiyasini tanlagan.

Avvalroq britaniyalik bloger Mett Denton plastik ehtiyot qismlardan dunyoga mashhur Lego konstruktori uslubida yaratilgan yangi poyga mashinasi versiyasini yasagandi. Muhandis 3D-printerda chop etilgan o‘zining transport vositasini soatiga 50 kilometr tezlikda haydashga muvaffaq bo‘lgan.