Buxoro viloyatning Jondor tumanida maktab o‘quvchisining o‘limi bilan yakunlangan YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB YHXB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukrullayev xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Jondor tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega M-37 Samarqand—Buxoro—Turkmanboshi avtomobil yo‘lining 291-kilometrida avtohalokat sodir bo‘lgan. 27 yoshli Matiz haydovchisi J.R. ehtiyotsizligi va yo‘l qoidasini qo‘pol ravishda buzishi oqibatida piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda — tumandagi 8-maktabning 6-sinf o‘quvchisi bo‘lgan 14 yoshli qiz Ch.X.ni urib yuborgan. Oqibatda o‘quvchi qiz voqea joyida vafot etgan.

Haydovchi J.R. qamoqqa olingan va ayni paytda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda Damas yo‘l chetidagi 9 yoshli bolani urib yuborishi oqibatida jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgani, Buxorolik haydovchi ham svetoforning qizil chirog‘iga amal qilmay, maktab o‘quvchisi o‘limiga sabab bo‘lgani, Qashqadaryoda esa “Jiguli” va Nexia ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 7 kishi halok bo‘lgani, marhumlarning ikki nafari voyaga yetmagan bolalar ekani haqida xabar berilgandi.