Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Sho‘rabot” MFYda joylashgan masjid binosi viloyat Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganildi.

Foto: Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Aniqlanishicha, masjid binosi XIX asrning ikkinchi yarmida, ya’ni 1884—1885-yillarda mahalla-guzar masjidi sifatida qurilgan. Masjid yog‘och konstruksiyali bo‘lib, ustun, to‘sin va “bog‘dodi” eshiklari yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan. “Г” harfi shaklidagi yetti ustunli ayvoni hozirda saqlanmagan, uning o‘rnida XX asr oxirlarida qurilgan ayvon mavjud.

Foto: Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Hozirgi kunda ushbu masjidda qishloq kutubxonasi (Qorako‘l tumani kutubxonasi filiali) joylashgan.

Shuningdek, mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan ilmiy o‘rganishlar natijasida masjid ustuniga o‘yib yozilgan tarixiy yozuv — arab alifbosi asosidagi fors tilida nastalih xatidagi yozuv ekanligi aniqlangan. Uning mazmuni: “Bu masjid G‘aybulloboy o‘g‘li Ro‘ziboy tomonidan hijriy 1304-yilda qurdirilgan”.

Foto: Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Foto: Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Avvalroq Ichanqal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari davomida o‘nlab yillar oldin og‘zi yopib tashlangan quduq topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.