Eronning birinchi vitse prezidenti Is’hoq Jahongiriy va Oliy sud raisi Ibrohim Raisiy 15-may kuni navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Eronning amaldagi prezidenti Hasan Ruhoniy

Foto: “Riafan.ru”

Mamlakat aholisiga qilgan murojaatida Raisiy “qudratli Eron nomidan xalq hokimiyati”ni tuzishga, shuningdek, korrupsiya va kambag‘allikka qarshi kurashishga, inson huquqlarini himoyalashga va sanksiyalarni bekor qilish uchun intilishga va’da berdi.

Qonunga muvofiq, saylovda qatnashish uchun da’vogarlarning nomzodi 5-10 kun ichida Eron konstitutsiyasining Mudofaa Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Kengash tomonidan tasdiqlangan nomzodlar 26—27-may kunlari e’lon qilinadi.

Eronda prezidentlik saylovlarini 18-iyunda o‘tkazish rejalashtirilgan. Mamlakatning amaldagi prezidenti Hasan Ruhoniy saylov kampaniyasida ishtirok eta olmaydi, chunki u ketma-ket ikkinchi muddat bu lavozimni egallab turibdi. Shuningdek, saylov kuni Mutaxassislar kengashi va shaharning kengash a’zolari saylanadi.

Avvalroq Suriya Oliy konstitutsion sudi 26-may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun uch nafar nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazgandi. Ulardan biri amaldagi davlat rahbari Bashar Asad bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Suriyada saylovlarda ishtirok etish uchun 51 nafar nomzod ariza topshirdi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun esa eng kamida 35 nafar deputatning ovoz berishi talab etiladi.