Hindiston hukumati o‘liklarning suvga noqonuniy ravishda tashlanishining oldini olish maqsadida Ganga daryosiga to‘rlar o‘rnatdi, deb yozmoqda Daily Mail nashri.

Foto: Reuters

Bixar shtatining gubernatori Sanjay Kumarning o‘z Twitter sahifasida ma’lum qilishicha, ushbu shtatning Uttar-Pradesh shtati bilan chegarasida daryoga to‘r o‘rnatildi va patrul soni oshirildi.

“Ikki shtat chegarasida daryoga to‘rlar o‘rnatildi va patrullar soni ko‘paytirildi. Mahalliy hokimiyat Ganga daryosidagi fojiadan va ko‘rilayotgan zararlardan xavotirda. Ekspertiza jasadlar besh kundan buyon daryoda turganini tasdiqladi”, — dedi Kumar.

So‘nggi ikki kun ichida daryoning faqat bir qismiga o‘nlab jasadlar tashlandi, natijada ularning umumiy soni 100 dan oshdi, shuningdek, Hindistondagi muqaddas daryoning boshqa qismlaridan ham jasadlar topildi. Mahalliy aholining aytishicha, gap 150 nafar o‘lik haqida ketmoqda. Ularni tez tibbiy yordam xodimlari daryoga uloqtirib yuborgan.

Koronavirus bilan kasallangan jasadlar Uttar-Pradesh va Bixar shtatlarining chegarasidan oqib o‘tuvchi Ganga daryosidan topilgan. Mahalliy aholining fikriga ko‘ra, dafn marosimi va o‘likni kuydirish xarajatlari qimmatga tushayotgani sababli jasadlar daryoga tashlab yuborilmoqda.

Avvalroq Bixar shtati aholisi o‘zlari cho‘miladigan va suv ichadigan daryodan 100 kishining jasadini topgani haqida xabar berilgandi. Ularning o‘limiga koronavirus infeksiyasi sabab bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Shundan keyin Hindiston hukumati o‘liklarni daryoga tashlashni darhol to‘xtatishni talab qildi.

Ma’lumot uchun, Hindiston koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Mamlakatda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 22,2 milliondan oshdi. Avvalroq Hindistonda koronavirusdan sog‘ayganlarda “qora zamburug‘” tarqalishi qayd etilgan edi.