Hindistondagi bo‘ron vaqtida yashin urishi oqibatida 18 ta fil halok bo‘ldi, deb yozmoqda Daily Mail.

Foto: Pixabay

Fillarning jasadlarini mamlakatning shimoli-sharqidagi Assam shtatining Nagaon shahri yaqinidagi qishloq aholisi topdi. Shtat rasmiylarining aytishicha, fillar Kandoli yovvoyi tabiat qo‘riqxonasiga yashin urishi oqibatida halok bo‘lgan.

Assam bosh vaziri Ximanta Bisva Sarma ko‘p sonli fillarning o‘limidan xavotirda ekanini va bu bo‘yicha tergov olib borishni buyurganini ta’kidladi.

“To‘rtta filning jasadi bir joydan, 14 tasiniki boshqa joydan topildi. Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, ular yashin urishi oqibatida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Voqea joyiga zudlik bilan o‘rmon xo‘jaligi ma’muriyatining mas’ul shaxslari va veterinariya shifokorlari olib kelindi”, — dedi shtatning o‘rmonchilik departamenti xodimi Amit Saxay.

Assamda bir vaqtning o‘zida ko‘plab fillarning o‘limi bilan bog‘liq bunday hodisa 20 yil ichida birinchi marta sodir bo‘ldi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, shtatdagi yovvoyi fillar avval ham brakonyerlik, YTH, zaharlanish va hattoki, elektr toki urishi qurbonlariga aylangan.

Avvalroq Janubiy Afrikaning Kryuger milliy bog‘ida sheriklari bilan brakonyerlikda gumon qilinayotgan shaxs xavfsizlik xizmati xodimlaridan berkinishga urinib, fillar to‘dasiga duch kelgan va ularning ayovsiz hujumiga uchragan edi.