Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani “Ulama” qishloq fuqarolari yig‘ini “Qatortol” mahallasida joylashgan sport majmuasida xo‘roz urishtirish bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, sport maydoni 2008-yilda ko‘pkurash sport turlarini rivojlantirish maqsadida shu mahallada turuvchi 1968-yilda tug‘ilgan fuqaro, ayni vaqtda Jizzax davlat pedagogika universitetining Jismoniy tayyorgarlik fakulteti o‘qituvchisi nomiga tuman hokimligidan rasmiylashtirib olingan.

Ushbu fuqaro 1970-yil va 1972-yilda tug‘ilgan ukalari bilan bu yerni boshqarib kelgan. Ular majmuani xo‘roz urishtirish arenasiga aylantirib, u yerda oshxona va do‘kon ham tashkil qilgan. Arenaga kirgan har bir odamdan esa 20 ming so‘mdan pul olgan.

Arenada xo‘roz urishtirish ishlari bilan 1982-yilda tug‘ilgan, muqaddam jinoyat kodeksining 2 ta moddasi bilan sudlangan fuqaro va uning 2 nafar sherigi shug‘ullanib kelgan.

Ichki ishlar xodimlari tomonidan 2021-yil 6-may kuni aniqlangan ushbu arenada 63 nafar fuqaro tibbiy niqob taqmagani uchun bayonnoma tuzilgan. O‘yin tashkilotchisidan 2 million 400 ming so‘m pul xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Xo‘roz jangida ishtirok etgan 203 nafar fuqaro shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Jizzax shahriga IIO FMBga olib kelindi va ularning mamlakat hududidagi sodir etilishi fosh etilmay qolgan jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida barmoq izlari olindi.

Tekshiruv davomida ikki shaxs xo‘roz janglarida ishtirok etib, viloyat hududida noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani aniqlandi.

Bundan avval Samarqandda o‘z uyida qimorxona ochgan shaxs aniqlangani, Navoiyda ijara uyini qimorxonaga aylantirgan shaxs qo‘lga olingani hamda Samarqandda xo‘roz urishtirish tomoshasiga kelgan 51 kishi epidemiya qoidalarini buzishda ayblangani haqida xabar berilgandi.