AQSh prezidenti Jo Bayden sobiq prezident Donald Tramp tomonidan 2020—2021-yillarda imzolangan yettita farmonni bekor qildi. Bu haqda Oq uy veb- saytiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Bekor qilingan farmonlar orasida, xususan:

  • Immigratsiya idoralariga ma’lum tibbiy sug‘urta yoki yetarli moliyaviy resursga ega bo‘lmagan hamda AQSh sog‘liqni saqlash tizimi uchun “yuk” bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarga mamlakatda yashash uchun ruxsatnomani rad etish huquqini berish to‘g‘risidagi farmon;
  • Onlayn senzuraning oldini olish to‘g‘risidagi farmon;
  • Sobiq prezident Black Lives Matter harakati noroziligi fonida imzolagan Amerika yodgorliklari va monumentlarni himoya qilish to‘g‘risidagi farmon: harakat ishtirokchilari qul savdosi bilan bog‘liq tarixiy shaxslarning yodgorliklarini vayron qilgan edi.
  • Shon-sharaf zallarining analogiga aylanishi kerak bo‘lgan Amerika Qahramonlari Milliy bog‘ini tashkil etish va tezkor ishchi guruh tuzish to‘g‘risidagi farmon.

Ta’kidlanishicha, Trampning qolgan farmonlarida AQSh gumanitar yordami va davlat xizmatchilariga ko‘rsatiladigan yordam qonuniy normalarga nomuvofiq tarzda belgilangan.

Immigratsiya va sog‘liqni sug‘urtalashga oid farmonni bekor qilish to‘g‘risidagi alohida xabarda Bayden ushbu hujjat AQSh manfaatlariga mos kelmasligini aytdi.

“Mening ma’muriyatim sifatli va arzon tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga sodiqdir. Biroq biz ushbu mamlakatga qonuniy ravishda immigratsiya qilishni istagan, ammo muhim moliyaviy resurslarga ega bo‘lmagan yoki tibbiy sug‘urta sotib olmagan fuqarolarning kirishini taqiqlamasdan turib ham, ushbu maqsadga erishishimiz mumkin”, — dedi prezident.

Prezidentlikning birinchi kuniyoq Bayden Tramp tomonidan qabul qilingan bir nechta farmonlarni bekor qila boshlagan edi. Xususan, Bayden Trampning iqlim bo‘yicha Parij bitimi va JSSTdan chiqish to‘g‘risidagi qarorlarini hamda mamlakatga ayrim toifadagi chet elliklarning kirishini taqiqlovchi hujjatni bekor qilgan.