Koronavirus pandemiyasining ikkinchi yili birinchisidan ko‘ra ko‘proq odamlarning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adan Gebreyesus xavotir bilan aytib o‘tdi. Hozirgi kunga kelib dunyoda COVID-19 qurbonlari soni 3,3 milliondan ortgan.

Foto: nsn.fm

“COVID-19 3,3 milliondan ortiq odamning hayotiga nuqta qo‘ydi va biz pandemiyaning ikkinchi yili birinchisiga nisbatan ancha halokatli bo‘lishi mumkinligi yo‘lida turibmiz”, — dedi Gebreyesus jurnalistlarga.

JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Amerikadagi ba’zi mamlakatlarda o‘lim holatlari haligacha ko‘p. “Umuman olganda, so‘nggi bir hafta ichida qayd etilgan COVID-19’dan o‘limlarning 40 foizi ushbu mintaqaga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya boshlangan bir yildan ko‘proq vaqt mobaynida dunyo bo‘ylab 160 milliondan ortiq odam koronavirusga chalingan. O‘tgan bir kecha-kunduzda infeksiyani yuqtirish bo‘yicha 600 mingdan ortiq yangi holatlar qayd etildi. Kasallanganlar sonining ko‘pligi bo‘yicha yetakchi davlatlar AQSh (32,5 million), Hindiston (24 million), Braziliya (15,3 million) bo‘lib qolmoqda.

12-may kuni Tedros Gebreyesus koronavirusga qarshi emlangan edi. Shuningdek, u vaksinatsiya imkoniyati mavjud bo‘lgan mamlakatlarning fuqarolarini koronavirusga qarshi emlanishga chaqirdi.