Tojikiston hukumati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Tojikiston iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Zavqizoda Zavqi Aminni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Tomonlar O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi Tojikistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan birgalikda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli sohalarni tahlil qilish hamda ushbu tarmoqlarda aniq loyihaviy takliflarni ishlab chiqish choralarini ko‘rishga kelishib olgan. Shuningdek, o‘zbek va tojik ishbilarmonlar doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shma biznes-forumlar o‘tkazish tashabbusi ma’qullangan.

Ta’kidlanishicha, o‘zaro savdoning barqaror o‘sishi natijasida o‘tgan 4 yil mobaynida bu ko‘rsatkich 4 barobardan ziyod oshgan. Tovar yetkazib berishda geografik yaqinlik va transport xarajatlarining kamligi tufayli o‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan.

“Shu munosabat bilan mavjud texnik to‘siqlarni bartaraf etish, savdo tartiblarini soddalashtirish va mahsulotlarning ikki mamlakat bozorlariga qulay kirishini ta’minlash orqali o‘zbek va tojik ishlab chiqaruvchilari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutgan holda yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.

Tomonlar, shuningdek, makroiqtisodiy prognozlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va elektron tijorat sohasida hamkorlik qilishga kelishib olgan. Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari ekspertlari savdo aylanmasini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qisqa muddatda “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kirishishlari belgilangan. Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Prezidentining shu yil iyun oyida Tojikistonga bo‘ladigan tashrifining kun tartibini tayyorlash bo‘yicha ishlarni davom ettirish va faollashtirishga kelishib oldi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi delegatsiya 14-may kuni Toshkentga keldi. Delegatsiya 14—15-may kunlari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishida ishtirok etmoqda.