Tojikiston hududidagi Sarez ko‘li to‘g‘onining yorilishi natijasida suv toshqini xavfi yuzaga kelganda aholini shartli evakuatsiya qilish bo‘yicha o‘quv mashqlari o‘tkaziladi. Bu haqda Buxoro viloyati FVB matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: AFP

Ma’lum qilinishicha, 19–21-may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari boshqaruv organlari va FVDT quyi tizimlari xizmatlarining Tojikiston hududidagi Sarez ko‘li to‘g‘oni yorilishi natijasida suv bosish xavfi yuzaga kelganda aholini shartli evakuatsiya qilish tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha respublika miqyosidagi maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Mazkur tadbirlarni yoritish davrida aholi orasida vahima va tushunmovchiliklarning oldini olish, tadbirlar o‘quv mashqlari doirasida o‘tkazilayotganini tushuntirish maqsadida viloyat OAV vakillarini hamkorlikka taklif etadi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning yanvarida ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shni Tojikiston hududida joylashgan Qayroqqum suv omborida to‘g‘on yorilgani haqida mish-mishlar tarqalgandi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu axborot yolg‘on va hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi. Suv xo‘jaligi vazirligi fuqarolarni bu kabi yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikka va xotirjamlikka chaqirdi. Keyinroq Sirdaryo viloyat IIB aholi orasida vahima uyg‘otuvchi noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlarni qo‘lga olgan.

Ma’lumot uchun, Sarez ko‘li Pomir tog‘larida 1911-yilda 7 balli zilziladan so‘ng hosil bo‘lgan. Zilzila natijasida Murg‘ob daryosi katta ko‘chki bilan to‘sib qo‘yilgan va tabiiy suv to‘g‘oni hosil bo‘lgan. Shundan so‘ng Sarez qishlog‘ini suv bosgan va ko‘lga qishloq nomi berilgan.

2000-yilda to‘rtta manfaatdor davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari jahon hamjamiyatiga Sarez ko‘li muammosini hal qilishda intellektual va moliyaviy yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan. Xuddi shu yili Jahon banki rahbarligida ushbu ko‘lda bo‘lishi mumkin bo‘lgan falokat xavfini kamaytirishga qaratilgan xalqaro loyiha boshlangan.

Bugungi kunda Sarez ko‘lining eng chuqur joyi 505 metrga teng. Yog‘ingarchilik soni va suv bilan qanchalik to‘lishiga qarab, ko‘lning uzunligi 65 dan 75 kilometrgacha o‘zgaradi. Suv havzasining bunday katta o‘lchami atrof-muhit uchun tahdid tug‘diradi.

Sarez ko‘lida suv toshqinining oldini olish uchun 2019-yilda 3,5 million dollar ajratilgan.