Pokiston sharqida mikroavtobus kanalga qulab tushdi, oqibatda 11 kishi, jumladan, yetti nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: Global Look Press

Ta’kidlanishicha, 11 kishini olib ketayotgan yo‘lovchi mikroavtobusi Sheyxupur shahrining Xanka Dogran tumanidagi Mianvali kanaliga tushib ketgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya va qutqaruv guruhlari suvga g‘arq bo‘lgan avtomobildan jasadlarni olib chiqqan.

Halok bo‘lgan yetti bola, uch ayol va bir erkakning hammasi bir oila vakillari bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, avariyaga tezlikning oshirilishi sabab bo‘lgan.

Avvalroq Hindistonning Madhya-Pradesh shtatida yo‘lovchilarni olib ketayotgan avtobus Sharda kanaliga qulab tushgan edi. Avtobus salonida 60 kishi bo‘lgan, ularning kamida 40 nafari vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, AQShning Texas shtatidagi Vudlends shahrida avtopilot rejimida harakatlangan Tesla elektromobilining katta tezlikda daraxtga urilishi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi. Undan avval Florida shtatining Miramar shahrida soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlangan Tesla Model S bir nechta daraxt, avtoturargohdagi ikkita avtomobil va yo‘l chetidagi uylardan biriga urilib, haydovchining omon qolgani haqida xabar berilgan.

Shuningdek, AQShdagi sirpanchiq trassada 130 ga yaqin mashina to‘qnashib, 6 kishi halok bo‘lgani, Ganada avtobuslar to‘qnashuvi oqibatida 17 nafar odam halok bo‘lgani hamda Kamerunda yuk mashinasi va avtobus ishtirokidagi YTHda 50 dan ortiq odam yonib ketgani haqida xabar berilgandi.