“Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev OFK Kubogi 1-turi doirasida “Oloy”ga qarshi kechgan o‘yindan (4:0) keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: “Nasaf FK”

Birinchi bo‘limda ko‘plab vaziyatlar yaratdik, biroq yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishda oqsadik, qayerdadir sovuqqonlik yetishmadi. Goldan keyin barchasi o‘z joyiga tushdi deb o‘ylayman. Yirik g‘alabaga erishdik, bundan xursandmiz. Keyingi bahsga tayyorgarlikni boshlaymiz.

O‘yinning dastlabki 15 daqiqasida jamoaning o‘yin jihatidan o‘ziga o‘xshamagani haqida

Hayajon bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Jamoa erkin harakat qilish o‘rniga bosim bilan o‘ynadi. Bu tushunarli, sababi tarkibimizda yosh futbolchilar ko‘p. Agar birinchi taymda gol urib olganimizda, balki biz kutgan o‘yin namoyish etilardi. Yana bir holat, o‘yindan oldingi ikki kunda yomg‘ir yog‘di, havo salqin bo‘ldi. O‘yin kuni esa juda issiq bo‘ldi. Bu ham o‘yinga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Ro‘ziqul Berdiyev, “Nasaf” bosh murabbiyi

Shuningdek, matbuot anjumanida jamoa hujumkor yarim himoyachisi Shohmalik Komilov ham o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi.

Foto: “Nasaf FK”

“Bugungi g‘alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Birinchi taymda ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ldik, ammo gol ura olmadik. Ikkinchi taymda esa o‘z o‘yinimizni namoyish etib gollar urdik”, — deydi Shohmalik Komilov.

“Nasaf” 2-tur doirasida “Xo‘jand” bilan bahs yuritadi. Uchrashuv 17-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:05 da boshlanadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!