Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida tilanchilik qilib, odamlarning uylaridan qimmatbaho buyumlarni olib chiqib ketgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda “Yoshlar” telekanali orqali ma’lum qilindi.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, ikki ayol tumanning “Qovunchi” qishlog‘idagi xonadonlarning biriga kirib, uy egalarini aldab, “beshikda yotgan bolaning mazasi yo‘q” deya irim-sirim qiladi. Irim-sirim jarayonida ayollar bitta yostiq, kosaga suv va qimmatbaho taqinchoqlar so‘raydi. Shundan so‘ng ular taqinchoqlarni yostiq ichiga tikib qo‘yganini va uni uch kundan keyin ochish lozimligini aytib, chiqib ketgan.

Ayollar xonadondan chiqib ketgach, uy egalari chuv tushganini sezib qolgan va bu haqda huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyatga qo‘l urgan shaxslar o‘sha kunning o‘zida ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumanida ko‘rib chiqilgan sud ishida ayollar Jinoyat kodeksining 168-modda (firibgarlik) 2-qismi bilan aybli deb topilib, ularga 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Shuningdek, ayollarning har oylik ish haqining 15 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolinadi.

Avvalroq Toshkentda vafot etgan bolaning suratini internetga joylab, shu orqali xayriya puli to‘plagan ayol ushlangani, Buxoroda sevgan qizini “issiq-sovuq” qilib qaytarib berishini aytib, 31 yoshli yigitning 3 ming dollarini “uxlatgan” ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.