Toshkentda 1-maydan 11-mayga qadar 4620 kishiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138-moddasi (piyodalar va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi) 1-qismi bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida Toshkentda 1-maydan 31-mayga qadar piyodalarga yo‘l harakati qoidalarini eslatish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Jarimaga tortilgan piyodalardan ko‘pchiligi piyodalar o‘tish joyi yaqin bo‘lgan joylarda ham yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Aksariyat hollarda joylarda muloqot qilingan qoidabuzarlar haydovchilar ularni doimo ko‘rib turishiga va yo‘l-transport hodisasining oldini olishga doim imkonlari borligiga amin ekanliklarini aytgan. “Ammo bu kabi tasavvur xato bo‘lib, avvalambor, piyodaning, uning farzandlarining hayoti uchun xavflidir”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishi ustidan kuchaytirilgan nazoratdan tashqari, mas’ul idora ishchilari bilan birgalikda sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilinishi ham ta’minlanmoqda. Xususan, taksi haydovchilari, jamoat transporti haydovchilari va yo‘lovchilari tomonidan qoidalarga rioya qilinishi nazorat etilmoqda. 1-maydan 10-mayga qadar bo‘lgan davr ichida 4 mingdan ziyod fuqaro jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurgani ma’lum bo‘lgan – ularga nisbatan tegishli ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda yanvar—mart oylarida sodir bo‘lgan YTHlarda qariyb 400 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.