Xitoy birinchi marta Marsga o‘z kosmik apparatini muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. “Tyanven-1” apparati kosmosda qariyb yetti oy parvoz qilib, ikki oydan ko‘proq vaqt mobaynida Qizil sayyorada qo‘nish uchun qulay joy qidirgan. Apparat “Chjunchjun” marsoxodi bilan 15-may kuni ertalab Mars yuzasiga qo‘ndi. “RBK” qo‘nish jarayoni hamda marsoxod taqdim etgan ilk fotosuratlar haqida fotoreportaj tayyorladi.

Pekin aerokosmik boshqaruv markazi texnik xodimlari ish ustida. “Tyanven-1” apparati Mars sathiga rover bilan qo‘nish modulini ishga tushirdi

Foto: Global Look Press

“Kosmik apparat Marsning shimoliy yarim sharidagi tekislikda oldindan tanlangan qo‘nish zonasiga tushdi. Yerusti nazorati yo‘qligi sababli qo‘nish mashaqqatli bo‘ldi, kema uni avtonom tarzda amalga oshirdi”, — dedi Milliy kosmik boshqarmaning Oyni o‘rganish va kosmik dasturlar markazi xodimi Gen Yan.

Foto: Global Look Press

Xitoy bosh vazirining o‘rinbosari Xan Chjen Pekin aerokosmik boshqaruv markazida Xitoy marsoxodining qo‘nishini kuzatmoqda.

Foto: Global Look Press

Mars missiyasining asosiy vazifalari — sayyora sirtini va tuproq tarkibini, shuningdek atmosferaning o‘ziga xos xususiyatlarini va iqlim sharoitlarini o‘rganish, suv va hayot izlarini qidirish. Hisob-kitoblarga ko‘ra, “Tyanven-1” kosmik moduli kamida bir Yer yili davomida, rover esa uch oyga yaqin ish olib boradi.

Foto: imago-images.de

Xitoy prezidenti Si Szinpin Xitoyning aerokosmik sanoati vakillarini “Tyanven-1”ning Marsga muvaffaqiyatli qo‘nishi bilan tabrikladi. “Apparatning Qizil sayyoraga muvaffaqiyatli qo‘nishi XXR sayyoralararo tadqiqotida yangi bosqichni boshlab berdi”, — dedi Si Szinpin.

Foto: Global Look Press

Xitoy hukumati “Tyanven-1”tomonidan olingan dastlabki uchta fotosuratni taqdim etdi, ulardan ikkitasi oq-qora va bittasi rangli. Rangli surat Qizil sayyoraning shimoliy qutbini aks ettiradi.

Foto: China National Space Administration

Oq-qora tasvirlar kosmik apparat Mars yuzasidan taxminan 330—350 km balandlikda payti olingan. Fotosuratlarda vulqon og‘zi, tog‘ tizmalari va qum tepalarini ko‘rish mumkin.

Foto: China National Space Administration

Foto: China National Space Administration

“Tyanven 1” —  Marsni tadqiq qilish uchun 1960-yil oktabrdan beri amalga oshirilgan 46- missiya. O‘shanda sovet ittifoqining “Molniya 8K78” raketa tashuvchisi Baykonurdan uchirilgan, u “Mars” nomli sovet avtomatik sayyoralararo stansiyasini Marsga uchish trayektoriyasiga olib borishi kerak edi. Bu Qizil sayyora yuzasiga chiqish uchun birinchi urinish bo‘lgan, ammo raketa halokati tufayli parvoz muvaffaqiyatsiz tugagan.