Toshkentga 18-may, seshanba kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozadan iborat navbatdagi partiyasi Xitoydan olib kelindi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, ZF-UZ-VAC2001 koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksina bo‘lib, Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Vaksinaning klinik tadqiqotlari o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda olib borilgan.

Ushbu vaksinaning million dozadan iborat dastlabki partiyasi O‘zbekistonga 27-mart kuni, shuncha dozadan iborat ikkinchi partiyasi esa 27-aprel kuni olib kelingan. Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shimcha qilishicha, 19-may kuni shu vaksinadan yana 500 ming doza olib kelinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiya markazining laboratoriya mudiri Dilbar Dolimovaning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum muddat vaksinalar Xitoydan keltirilishi rejalashtirilgan. Lekin keyinchalik mazkur vaksinani O‘zbekistonda mahalliylashtirish maqsadida laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, Jurabek Laboratories MChJ qo‘shma korxonasi tomonidan taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda to‘rt kunlik dam olishdan so‘ng yana koronavirusga qarshi emlash tadbirlari boshlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 17-mayga qadar O‘zbekistonda koronavirusga qarshi 1 346 761 doza vaksinadan foydalanildi. Ushbu vaksinalarning 62 foizi, ya’ni 842 ming dozadan ortig‘ini ZF-UZ-VAC2001 tashkil qilmoqda. Shundan ayni paytgacha 91 ming nafardan ortiq fuqarolar o‘zbek—xitoy vaksinasining 2-bosqichi bilan ham emlangan.

Xususan:

  • 65 yosh va undan yuqori yoshdagi emlanuvchilar — 195 549 doza,
  • tibbiyot xodimlari — 146 841 doza,
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari — 236 134 doza,
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari — 76 562 doza,
  • surunkali kasalligi bor fuqarolar — 96 036 doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini qabul qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 3-may kuni sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev ham koronavirus infeksiyasiga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangan edi.