Amerikaning United Launch Alliance (ULA) kompaniyasi bortida raketa hujumlaridan ogohlantiruvchi SBIRS GEO 5 sun’iy yo‘ldoshi bo‘lgan Atlas 5 raketasini uchirdi, deb yozadi “Interfaks”.

Foto: “TASS”

Boeing va Lockheed Martin qo‘shma korxonasi bo‘lgan ULA o‘z raketasini 18-may kuni soat 13:37 da (Toshkent vaqti bilan 22:37) Florida shtatining Kanaveral burnidagi aviabazadan uchirdi.

SBIRS GEO 5 AQShning eskirib qolgan oldindan ogohlantirish tizimlarini almashtirish uchun koinotga yo‘naltirilgan to‘qqizinchi infraqizil kuzatuv tizimidir. Yangi tizim ballistik raketalar uchirilishini nazorat qilish bilan bir qatorda, ularni tutib olish uchun parvoz trayektoriyasini aniqlash, jangovar kallaklar va soxta nishonlarni identifikatsiya qilish uchun mo‘ljallangan.

Endilikda beshta SBIRS GEO geostatsionar hamda to‘rtta SBIRS HEO yuqori eshelonli sun’iy yo‘ldoshdan iborat bo‘lgan orbital turkum raketalar uchirilishini tun-u kun kuzatib turadi. Shuningdek, Pentagon oltinchi SBIRS GEO sun’iy yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda.

SBIRS GEO-5 va SBIRS GEO-6 oldindan ogohlantiruvchi sun’iy yo‘ldoshlar butun dunyoda uchiriladigan ballistik raketalar ustidan nazoratni yaxshilaydi. Lockheed Martin va Northrop Grumman korporatsiyalari tomonidan yaratilgan har bir 4,5 tonna og‘irlikdagi bunday kosmik kemaning bahosi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etadi.

2020-yil dekabr oyi oxirida AQSh Kongressi raketalarga qarshi mudofaa agentligiga gipertovushli raketalarni ham kuzatishga qodir bo‘lgan yangi sun’iy yo‘ldosh turkumini yaratish uchun 130 million dollar ajratgan.

Yerning quyi orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlar odatdagi ballistik raketalarga nisbatan deyarli ko‘rinmaydigan va manyovr qilishi mumkin gipertovushli raketalarni aniqlash va tegishli ma’lumotlarni taqdim etishi kerak. AQSh harbiylarining fikriga ko‘ra, bunday orbital turkum AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimidagi mavjud bo‘shliqni to‘ldiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 20 ta shunday sensorli sun’iy yo‘ldoshning birinchi partiyasi 2021-yilda orbitaga chiqarilishi mumkin. Shuningdek, bir yil ichida orbitaga yana 150 ta kosmik apparatni joylashtirish rejalashtirilgan.

Hozirda AQSh Mudofaa vazirligining raketalarga qarshi mudofaa agentligi va kosmik rivojlanish agentligi tomonidan Hypersonic and Ballistic Tracking Space Sensor (HBTSS)  nomli gipertovushli va ballistik kosmik kuzatuv sensori bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshni yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Yanvar oyida L3Harris (122 million dollar) va Northrop Grumman (155 million dollar) bilan bunday sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.