Toshkentga 19-may kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 500 ming dozadan iborat navbatdagi partiyasi Xitoydan olib kelindi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Foto: SSV matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, 18-may kuni O‘zbekistonga ushbu vaksinadan 1 million doza keltirilib, emlash jarayonlarida foydalanilayotgan ZF-UZ-VAC2001 miqdori 3 million dozaga yetgan edi.

Foto: SSV matbuot xizmati

Foto: SSV matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, ZF-UZ-VAC2001 koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksina bo‘lib, Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Vaksinaning klinik tadqiqotlari o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda olib borilgan.

Ushbu vaksinaning million dozadan iborat dastlabki partiyasi O‘zbekistonga 27-mart kuni, shuncha dozadan iborat ikkinchi partiyasi esa 27-aprel kuni olib kelingan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiya markazining laboratoriya mudiri Dilbar Dolimovaning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum muddat vaksinalar Xitoydan keltirilishi rejalashtirilgan. Lekin keyinchalik mazkur vaksinani O‘zbekistonda mahalliylashtirish maqsadida laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, Jurabek Laboratories MChJ qo‘shma korxonasi tomonidan taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.