Bosh prokuratura “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus Telegram-bot dasturini ishga tushirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Agar siz yashayotgan hududda ‘Obod qishloq’ va ‘Obod mahalla’ dasturlari doirasida qurilayotgan bino-inshootlarda kamchiliklarni payqasangiz, qurilish ishlarining sifatsiz olib borilayotgani yoki to‘xtab qolganining guvohi bo‘lsangiz, asl holatni suratga oling va maxsus Telegram-botga joylashtiring”, — deyiladi xabarda.

Buning uchun mavjud kamchilikni suratga olish va Telegram-botga (@obod_mahalla_dasturi_bot) kirib, obyekt joylashgan hududni belgilab, “yuborish” tugmasini bosish lozim. Elektron dastur ishchi guruhni avtomatik tarzda qizil belgi bilan kelib tushgan murojaat haqida xabardor qiladi.

Qayd etilishicha, murojaat tushgandan so‘ng ishchi guruh tomonidan mavjud salbiy holatni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Bunda barcha fuqarolar qurilish ishlari bilan tanishib, kamchiliklar to‘g‘risida o‘z murojaatini yuborish imkoniga ega.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda Prezidentining “‘Obod qishloq’ va ‘Obod mahalla’ dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 8 mingga yaqin qishloq va mahallada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.