Urganch tumani SEO tomonidan o‘tkazilgan tenderda rahbarning ukasiga tegishli korxona g‘olib chiqqani aniqlandi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabar berdi.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimiga Ikrom Otaniyozov 2020-yilning noyabrida tayinlangan.

Bo‘lim binosi va hojatxonasini joriy ta’mirlash uchun 2021-yil 26-martda e’lon berilib, 7-aprelda tender o‘tkazilgan. Komissiya qiymati 225,5 million so‘m bo‘lgan binoni joriy ta’mirlash uchun “JK” MChJni g‘olib deb topgan.

O‘rganish davomida mazkur korxona ustav fondidagi ulushlari, yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, to‘lig‘icha bo‘lim boshlig‘i Ikrom Otaniyozovning ukasiga tegishli ekanligi aniqlangan.

Prezidentning 2020-yil 6-iyuldagi “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq oshkoralikni ta’minlash va davlat xaridi tartib-taomillarini yanada takomillashtirish maqsadida, 2020-yil 1-oktabrdan boshlab ushbu farmonga asosan, davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyekt davlat xaridlarini yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olishning yoxud to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 40-moddasida davlat xaridlari jarayonida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Yuqoridagilarga asosan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman bo‘limiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, tender savdosi bekor qilingan.

“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 178-moddasi (raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 6-qismiga muvofiq rasmiylashtirilgan ma’muriy ish hujjatlari tegishli sud organiga yuborilgan.