AOKAda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistonda COVID-19’ga qarshi emlash tadbirlari haqida ma’lumot berildi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, 25-may kuni mamlakat bo‘ylab COVID-19’ga qarshi 40 372 doza vaksina qo‘llanildi. Bugungi kungacha jami 1 million 683 mingdan ko‘proq doza vaksinadan foydalanildi va 1 million 212 597 nafar shaxs infeksiyaga qarshi emlandi. Ya’ni 470 ming nafar kishi ikki martadan vaksina olishga ulgurgan.

Kunlik emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha Toshkent shahri, Namangan va Toshkent viloyatlari yetakchilik qilmoqda.

Bugungi kungacha O‘zbekistonda emlanganlarning 62,5 foizi (taxminan, 757 874 nafari) ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi, 34 foizi (taxminan, 412 283) AstraZeneca’ning Covishield va 3,5 foizi (taxminan, 42 440) “Sputnik V” vaksinasi bilan qamrab olingan.

Bir marotaba vaksina olgan shaxslar ikkinchi marta emlanish uchun murojaat qilishi rejadan orqada qolmoqda. Birinchi bor emlanganlar 28 kun ichida tibbiyot muassasalariga ikkinchi bor emlanish uchun murojaat qilishlari lozimligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlari 1-apreldan boshlandi. Emlash ixtiyoriy va bepul, vaksina olishdan bosh tortganlarga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Mamlakatda iyun oyi oxirigacha 4 million kishini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan.