Malining muvaqqat prezidenti Bax Ndau va bosh vazir Moktar Uan iste’foga chiqdi. Bu haqda mamlakat vitse-prezidentining maslahatchisi Bubu Sisse ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Bax Ndau

Foto: AP Photo

“Ularni ozod qilish va yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Hibsga olinganlar prezident va bosh vazirning iste’fosidan keyin erkinlikka qaytadi, bu xavfsizlik nuqtayi nazaridan asta-sekin amalga oshiriladi”, — deb qo‘shimcha qildi Sisse. Ozodlikka chiqarishning aniq vaqti aytilmadi.

Prezident va bosh vazir hibsga olingandan ikki kun o‘tgach iste’foga chiqdi.

24-may kuni Al Jazeera telekanali Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Afrika Ittifoqiga asoslanib, Malidagi askarlar muvaqqat hukumat prezidenti va bosh vazirini hibsga olgani haqida xabar tarqatdi. Ular Bamako yaqinidagi Kati harbiy bazasiga olib borilgan. Bu voqea Malida avvalgi prezidentini ag‘darib tashlagan harbiy to‘ntarishdan to‘qqiz oy o‘tgach sodir bo‘ldi.

Malining avvalgi prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta 2020-yil 19-avgustda iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi. 18-avgust kuni harbiylar Keytani hibsga olgan.

Unga qadar mamlakatda harbiy isyon bo‘lgan, natijada bir nechta yuqori martabali fuqarolik va harbiy rahbarlar hibsga olingan. Hukumatga qarshi namoyishda qatnashgan “5-iyun harakati — Vatanparvarlik kuchlari ittifoqi” muxolifati Keytaning hibsga olinishini “xalq qo‘zg‘oloni” deb atagan. Ibrohim Bubakar Keyta 27-avgustda ozod qilingan.