O‘zbekistonda 29-may kuni jami 60 423 kishi COVID-19’ga qarshi emlandi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Shulardan 16 755 nafari birinchi bosqichda, 43 461 nafar fuqaro ikkinchi bosqichda, 207 nafar fuqaro esa (Namangan viloyatida) uchinchi bosqichda emlangan.

Foto: SSV matbuot xizmati

Hozirgi kungacha O‘zbekistonda koronavirusga qarshi 1 950 398  doza vaksinadan foydalanildi, ularning 628 340 dozasi ikkinchi bosqichda, 207 dozasi uchinchi bosqichda qo‘llanilgan. Shunga ko‘ra, mamlakatda jami emlanganlar soni 1 321 851 kishini tashkil etmoqda.

29-may kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni

  • Farg‘ona viloyati (12267 doza),
  • Andijon viloyati (7046 doza)
  • Namangan viloyati (6405 doza) band qildi.

Koronavirusga qarshi jami emlash bo‘yicha yuqori o‘rinlarni

  • Farg‘ona viloyati (254245 doza),
  • Namangan viloyati (230123 doza),
  • Andijon viloyati (226676 dozani) tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1-apreldan boshlandi. Emlash uchun AstraZeneca, ZF-UZ-VAC 2001 va “Sputnik V” vaksinasidan foydalanilmoqda. AstraZeneca vaksinasi bilan 2 marotaba, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan 3 marotaba emlash ko‘zda tutilgan.

25-may kuni Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonov bugungi kungacha O‘zbekistonda emlanganlarning 62,5 foizi (taxminan, 757 874 nafari) ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi, 34 foizi (taxminan, 412 283) AstraZeneca’ning Covishield va 3,5 foizi (taxminan, 42 440) “Sputnik V” vaksinasi bilan qamrab olinganini ma’lum qilgandi.

Emlash ixtiyoriy va bepul, vaksina olishdan bosh tortganlarga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Mamlakatda iyun oyi oxirigacha 4 million kishini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan.