Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi vakillari va teatr jamoasi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Yig‘ilishda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga direktor etib O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aleksandr Bekjonov tayinlanganligi rasman e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun, avval ushbu lavozimda koronavirus oqibatida 16-aprel kuni vafot etgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mirza Azizov faoliyat yuritgan.

Shuningdek, yig‘ilish so‘ngida kuni kecha tavallud kunini nishonlagan san’atkorlar O‘zbekiston xalq artisti Naima Po‘latova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.