Rossiya hukumati prezidentning chet elliklarni emlash to‘g‘risidagi buyrug‘i ustida ishlamoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikovaga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: “TASS”

“Birinchi bo‘lib, allaqachon mamlakatda bo‘lib turgan mehnat muhojirlari va chet el fuqarolarini emlash masalalari ko‘rib chiqiladi”, — dedi Golikova.

Bosh vazirning yana bir o‘rinbosari Marat Xusnullin hukumat qurilish sohasi uchun mamlakatga mehnat muhojirlarini olib kirishning soddalashtirilgan variantini ko‘rib chiqayotganini aytdi. “Biz hozirda mehnat muhojirlarini yetkazib berishning soddalashtirilgan tartibi va majburiy emlashni amalga oshirish mavzusi ustida ish olib boryapmiz”, — dedi u.

Xusnullinning so‘zlariga ko‘ra, mehnat muhojirlarining yetishmasligi hozirda Rossiyaning qurilish sohasida asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. “Bu mamlakatimiz uchun juda katta xatar va mamlakat iqtisodiyotiga putur yetkazishdir, ya’ni biz rivojlanmay qo‘yamiz”, — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, mahalliy aholidan farqli o‘laroq, mehnat muhojirlari Rossiyadagi qurilish maydonchalarida “50 ming rubl uchun o‘n ikki soat ishlashga” tayyor.

4-iyun kuni Sankt-Peterburg iqtisodiy forumining yalpi majlisidagi nutqi chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga oy oxirigacha Rossiyada chet el fuqarolari uchun pullik emlashni tashkil etish masalasini ishlab chiqishni buyurdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, allaqachon turli mamlakat ishbilarmonlari, jumladan, yirik kompaniyalar rahbarlari koronavirusga qarshi vaksina olish uchun Rossiyaga maxsus tashrif buyurishni boshlagan.

Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya fondi rahbari Kirill Dmitriev Rossiyaning COVID-19’ga qarshi “Sputnik V” vaksinasi San-Marinoda “turizm vaksinasi” uchun asos bo‘lib kelayotganini aytdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mixail Murashkoning 4-iyun kuni aniqlik kiritishicha, chet elliklar uchun koronavirusga qarshi emlash birinchi navbatda Rossiyada yashovchi xorijliklarga tegishli bo‘ladi. Vaksinatsiyani uch-to‘rt hafta ichida tashkil etish rejalashtirilgan. Ular uchun “Sputnik Layt” qo‘llaniladi, deya ta’kidlab o‘tdi Murashko.

Hukumat hamda biznes pandemiya va yopiq chegaralar tufayli mehnat muhojirlari yetishmasligi muammosiga bir necha bor ishora qilgan. Xusnullinning so‘zlariga ko‘ra, qurilish biznesi duch kelayotgan kadrlar yetishmovchiligi ishchi kuchi bahosini 50-100 foizgacha oshishiga olib keldi, bu oxir-oqibat qurilish narxiga ta’sir qiladi va uy-joy narxining oshishiga olib keladi. Mart oyida Rossiyaning qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Irek Fayzullin Rossiyada kamida 1,2 million quruvchi yetishmayotganini aytgan.