Braziliyalik afsonaviy futbolchi Markos Kafu 7-iyun sanasida 51 yoshni qarshi oldi. Barchada bo‘lgani kabi Kafuda ham o‘ziga xos hayotiy qoidalar mavjud. Quyida aynan o‘sha qoidalar sizga taqdim etiladi.

Foto: Getty Images

Markos Evanjelista de Morais, yoki shunchaki — Kafu 1970-yil 7-iyunda tavallud topgan. Kafuning bolaligi San-Pauluda kechgan va aynan o‘sha yerda futbolga mehr qo‘ygan. 80-yillar boshida shtatning eng katta jamoasi akademiyasiga kirish uchun harakat qiladi. Ammo 1988-yildagina “San-Paulu” futbolchiga diqqatini qaratadi.

Asosiy jamoaga o‘tish uchun u pozitsiyasini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi, shu tariqa nafaqat “San-Paulu”ning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi, balki terma jamoadan ham chaqiruv oldi.

Kafu “San-Paulu”da barcha musobaqalarda 97 o‘yin o‘tkazib, 6 ta gol urgan.

“Men 1970-yilgi mundail vaqtida tug‘ilganman, mana shuning o‘zi nima uchun futbolga kirib kelganimni anglatadi”.

— “San-Paulu” menga diqqatini qaratishidan avval “Korintians”, “Palmeyras”, “Santos”, “Atletiko Mineyro” kabi jamoalar meni rad etgan. Ularning hammasi: “Ertaga kel, bir haftadan keyin, bir yildan keyin…” — deb aytardi. Agenti yo‘q, kamiga “Itakakesetuba” nomli hech kim bilmaydigan klubda o‘ynaydigan bolaga. “San-Paulu”ning yoshlar jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini vaqtida klub akademiyasi direktori Karlinyos Nevesga ko‘zim tushdi.

— Men o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida faoliyatimni boshladim, ammo o‘ng qanot himoyachi Ze Teodora jarohat olgach, Tele Santana uchta o‘yinda mana shu pozitsiyada maydonga tushishimni aytdi. Men murabbiy bilan tortishishni istamasdim, mendan nima talab qilinishini ham bilmasdim. Keyinchalik Roberto Falkao meni terma jamoaga o‘ng qanot himoyachisi sifatida chaqirganidan so‘ng Santana naqadar haq bo‘lganini tushundim.

— “Real” meni xarid qilmoqchi edi. Ammo “San-Paulu” prezidenti meni qo‘yib yuborishdan bosh tortdi. O‘sha paytda xafa bo‘ldim, lekin Madridga juda yosh paytim borib qolganimda, bilmadim faoliyatim qanday kechardi. Balki, ikkita Jahon Chempionatini yutmasmidim…

Foto: Getty Images

Braziliyalik boshqa yulduzlar qatori Kafu ham Yevropada o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi. Kattaroq jamoalardan bo‘lgan takliflarga qaramasdan Kafu “Saragosa”ni tanladi.

Jarohati sabab La Ligada 16 o‘yinda maydonga tushdi, Kubok Egalari Kubogida esa 1 ta o‘yinda ishtirok etib, yakunda jamoasi bilan sovrinni qo‘lga kiritdi.

“Saragosa”ga kelganimda, Ispaniyada ko‘proq vaqt qolishni reja qilgan edim, ammo jarohatlar bunga xalaqit qildi. Menga qolishni taklif qilishdi, ammo jamoaga yordam bera oladigan ahvolda emasdim, yaxshisi ketganim ma’qul deb hisobladim.

Yevropadagi omadsiz faoliyatidan so‘ng Kafu Braziliyaga qaytdi. Ispaniyada orttirib olgan jarohatining asorati sabab “Juventuda”da birorta ham o‘yinda maydonga tusha olmadi. Lekin “Palmeyras”ga o‘tishiga bu xalaqit bermadi.

Foto: Twitter

Men to‘g‘ridan to‘g‘ri “Saragosa”dan “Palmeyras”ga o‘ta olmasdim. “San-Paulu” bilan ispan jamoasi o‘rtasidagi shartnomada shtatning boshqa bir jamoasiga o‘tishim mumkin emasligi qayd etilgan. Shuning uchun “Juventuda” jarohatimdan tuzalib, Braziliyaga qaytishimga yordam berdi.  

35-o‘yinidan so‘ng Kafu Yevropaga ikkinchi bor borishga ahd qildi.

Foto: Getty Images

Ikkinchi safar Italiyaga bo‘ldi. Rimning “Roma”sidagi 6 mavsumi davomida Kafu himoya chizig‘ining almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylandi va A Seriya g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

217 o‘yin, 8 ta gol va Shon-shuhrat zalidan joy olish — Kafuning jamoa muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shganidan dalolat.

— “Roma” o‘sha vaqtlarda judayam kuchli edi. Biz “Yuventus”, “Milan”, “Inter”ni mag‘lub etardik. Ko‘p sovrin qo‘lga kiritishimiz mumkin edi, ammo 2001-yil chempionlik, 2002-yil kumush va 2003-yildagi bronza bilan chegaralanib qoldik.

— “Roma” muxlislari meni Il Pendolino – temir yo‘l poyezdi deb atashardi. O‘sha vaqtlarda haqiqatdan ham men qanotda poyezd singari harakat qilardim.

— Men doimo muxlislar bilan iliq munosabatda bo‘lganman, rimlik insonlar judayam yaxshi edi, shuning uchun “Roma” yuragimdan alohida joy olgan.

2002/03-yilgi mavsum yakunida 32 yoshga kirgan Kafu faoliyati haqida jiddiy bosh qotira boshladi. Yaxshigina daromad topish maqsadida Yaponiyaning Jey-Ligasiga borishga tayyor edi. Lekin kutilmaganda “Milan”dan taklif tushdi.

Foto: Getty Images

Braziliyalik futbolchi bu taklifni qabul qildi. Kafuning “Milan”dagi faoliyati “Roma”dagidan ham yorqinroq kechdi.

Maldini, Kostakurta, Kaka, Shevchenko kabi futbolchilar bilan Kafu klub miqyosida erishish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi.

Albatta, ko‘ngilsiz voqealar ham yuz berdi. 2005-yilgi Chempionlar Ligasi finalida “Liverpul”ga imkoniyat boy berildi. Shunga qaramasdan sovrinlar yetarlicha qo‘lga kiritildi.

Foto: Getty Images

2007/08-yilgi mavsum so‘ngida Kafu faoliyatini yakunlayotganini e’lon qildi. Futbolchi juda erta bu qarorga kelayotganini ta’kidlaganlar ham bo‘ldi.

Qaysidir erishgan sovrinimni alohida ko‘rsata olmayman, ularning barchasi men uchun qadrli va yorqin xotiralarni taqdim etgan.

— Men tasodifan “Milan”ga kelib qolganman. 32 yoshda edim va allaqachon “Yokogama” bilan shartnoma borasida kelishib qo‘ygandim. Ammo Yaponiyadagi taqdimotdan 15 kun avval “Milan” menga taklif bilan chiqdi. Shunda o‘ylab qoldim: “Nega endi mumkin emas?”

— Istanbuldagi finalning tanaffus vaqtida chempionlikni nishonlashni boshlaganimiz rost. Uchta gol urgach, g‘alabani qo‘ldan chiqarishning iloji yo‘q edi. “Liverpul”ga hurmat saqlagan holda aytaman, o‘sha o‘yinda “Liverpul” g‘alaba qozonmadi, “Milan” mag‘lubiyatga uchradi.

— 2007-yilgi finalda esa hech kim “Liverpul”dan qasos olish haqida o‘ylamasdi. Jamoada yoshi katta futbolchilar ko‘p edi – men 36, Kostakurta 41, Maldini 38, Serjinyo esa 35 yoshda. Bu bizning sovrin yutishimiz uchun oxirgi imkoniyat edi. Biz o‘z o‘yinimizni qildik va g‘alabaga erishdik.

— Berluskonining biznesini muhokama qilmoqchi emasman, lekin bir narsani ayta olaman, u “Milan”ga nafaqat pullarni, balki yuragini ham berdi. Xuddi ota farzandiga berganidek.

Foto: Getty Images

— “San-Paulu”da qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan sovrinlarni barchasiga erishdim, “Milan” bilan ham, “Roma” bilan Italiya chempioni bo‘ldim, “Palmeyras” bilan esa San-Paulu shtati chempioniga aylandim. Menimcha, klub miqyosidagi faoliyatim yomon kechmadi.

— Faoliyatimni davom ettirishim mumkinligi haqida ko‘p gapirishdi, ammo 38 yosh, menimcha,  futbol bilan xayrlashish uchun eng munosib yosh.

Kafu Braziliya terma jamoasidagi debyut o‘yinini 1990-yil sentabr oyida Ispaniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida o‘tkazgan.

“Selesao” tarkibida 142 ta o‘yin o‘tkazgan. Bu rekord hisoblanadi. Undan tashqari Jahon Chempionatining 21 o‘yinida ishtirok etgan. Bu ham rekord. Kafu 4 ta Jahon Chempionatida qatnashgan va ulardan 2 tasida Braziliya terma jamoasi bilan g‘alaba qozongan. 1994-yilgi mundialda “ko‘plab futbolchilardan biri” bo‘lgan, Jojrinyoning jarohati sabab final o‘yinida maydonga tushgan bo‘lsa, 2002-yildagi Jahon Chempionatida Braziliya terma jamoasini sardor sifatida maydonga olib chiqadi.

Foto: Getty Images

Kimning yodida bo‘lsa, 2002-yilgi finaldagi g‘alabadan so‘ng Zepp Blatter va Peledan kubokni qabul qilib olgan Kafu plastik tumbaning ustiga chiqib: “Regina, seni yaxshi ko‘raman” – deb baqirgan va kubokni boshi uzra ko‘targan. U g‘alabani turmush o‘rtog‘iga bag‘ishlagan edi.

Albatta, uning faoliyatida omadsizliklar ham bo‘lgan, 1998-yilgi mundial finalida Braziliya Fransiyaga imkoniyatni boy bergan, 2006-yilda Germaniyadagi omadsizlikdan so‘ng, braziliyalik muxlislar va OAV tomonidan tanqid ostiga olinmagan kam sonli futbolchilardan biri.

Foto: Getty Images

— Jahon chempionligi – istalgan futbolchi uchun eng yuqori daraja.

— Karlos Alberto Parreyra zaxira o‘rindig‘iga boqib, menga: “Chiq!” deganini hech qachon yodimdan chiqarmayman. Final haroratini his qila olmaganman, go‘yoki maydonda juda sekin harakat qilayotgandek edim.

— Penaltilar seriyasida hech qachon penalti tepishga rozi bo‘lmasdim. Penalti hech qachon mening ustun tarafim bo‘lmagan. Hattoki Dayana Ross (amerikalik qo‘shiqchi) penaltini mendan ko‘ra yaxshiroq tepadi, deb hisoblayman.

— Sportdagi eng yoqimli lahza kubokni bosh uzra ko‘tarish deb o‘ylayman.

— Men uchun 2002-yilgadi chempionlik 1994-yildagidan ko‘ra ahamiyatliroq. AQShda men ikkinchi darajali futbolchilardan biri edim, Yaponiya va Koreyada bo‘lib o‘tgan mundialda esa men yetakchi edim.

— 1998-yilgi Jahon Chempionati oldidan Ronaldo hushini yo‘qotgandi. Endi u maydonga tusha olmaydi deb o‘ylagandik, ammo shifokorlar uning o‘ynay olishini aytdi. Ronaldoning o‘zi kiyim almashtirish xonasiga kirib, Mario Zagalloga hammasi joyida ekanligi, maydonga tusha olishini aytdi. Qaysi murabbiy dunyoning eng yaxshi futbolchisiga rad javobini bera olardi?

— Fransiya g‘alabaga munosib emas, deb ayta olmayman. Lekin jarohatlangan Ronaldo o‘rniga maydonga ajoyib formada bo‘lib turgan Edmundo tushganda final o‘zgacha tus olardi.

— Men juda ko‘p braziliyalik afsonalar bilan birga o‘ynaganman. Ronaldo, Romario… Lekin men uchun Rivaldo birinchi o‘rinda turadi. U qoyilmaqom ishlarni amalga oshirardi. Har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rardi, shu o‘rinda juda kamtar edi.

Foto: Getty Images

Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng, Kafu FIFA va Braziliya Konfederatsiyasi tasarrufidagi turli loyihalarda qatnashishga rozilik berdi. Birinchi o‘rinda bolalar futboli rivojiga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatladi.

U uchun hammasi yaxshi edi, lekin hayot unga juda qattiq zarba berdi. 30 yoshli farzandi o‘rtoqlari bilan futbol o‘ynayotgan vaqtda yurak hurujidan vafot etdi.

Foto: Getty Images

Doimo tabassum qilib turadigan futbolchi bu og‘ir vaziyatni ham yengib o‘tib, yana odamlarga tabassum ulashishda davom etdi.

— Menga hech qachon Angliyadan taklif bo‘lmagan. Agarda imkoni bo‘lganda “Liverpul”, “Manchester Yunayted” yoki “Chelsi”da o‘ynagan bo‘lardim.

— Agar jamoaga qaysidir futbolchini olib kelish imkoni berilsa, umuman birga to‘p surmagan Zinedin Zidan va Diego Maradonani olib kelgan bo‘lardim. Men uchun eng yaxshi futbolchi — Pele. Lekin u bilan 1990-yilda xayriya o‘yinida birga to‘p surganman.

— Menimcha, Neymar Braziliya terma jamoasi sardorligiga loyiq emas. Unda yetakchilik sifatlari yo‘q.

— O‘z farzandingni tuproqqa qo‘yishdan dahshatliroq narsa yo‘q. U hech qachon qaytmasligini his qilishing qayg‘uli.

Foto: Getty Images

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!