O‘zbekistonga 10-iyun kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining million dozadan iborat 5-partiyasi olib kelindi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Foto: SSV matbuot xizmati

Ushbu vaksinaning million dozadan iborat dastlabki partiyasi O‘zbekistonga 27-mart kuni, shuncha dozadan iborat ikkinchi partiyasi 27-aprelda, uchinchi million doza 18-mayda, 19-may kuni esa yana yarim million doza olib kelingan.

Ma’lumot uchun, ZF-UZ-VAC2001 koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksina bo‘lib, Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Vaksinaning klinik tadqiqotlari o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda olib borilgan.

O‘zbekistonda, shuningdek, 660 ming doza AstraZeneca, 240 ming doza “Sputnik V” vaksinasi qo‘llanib kelinmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 5,4 million dozaga yetdi. Ayni paytga qadar shundan 2,4 million dozadan ortig‘i vaksinatsiya jarayonlarida qo‘llanildi (1,53 million dozasi — birinchi bosqichda, 920 ming dozasi — ikkinchi bosqichda, 25,4 ming dozasi —uchinchi bosqichda).