“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, Zarafshon daryosida aprel—may oylarida suv oqimi 2020-yilning shu davriga nisbatan sezilarli kam bo‘ldi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, Zarafshon daryosining o‘rta oqimi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, viloyatning Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Urgut, Bulung‘ur, Toyloq, Jomboy, Past Darg‘om, Nurobod, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Narpay, Payariq va Oqdaryo tumanlari, asosan, shu daryodan suv oladi.

Daryo muz-qor suvlari hisobiga to‘yinuvchi daryolar qatoriga kirib, yoz oylarida daryo, asosan, baland tog‘liklardagi muzliklar va qor qoplamlarining erishi hisobiga to‘yinadi. Bunda atmosfera yog‘inlarining ulushi deyarli bo‘lmaydi. Ushbu davrda daryo oqimi hisobiga yerosti suvlari ham ko‘tariladi. Boshqacha aytganda, daryo o‘zanida iyun—iyul oylarida maksimal suv oqimi o‘tishi hisobiga yerosti suvlarining sathi me’yorga yaqinlashadi.

Tahlillar natijasining ko‘rsatishicha, Zarafshon daryosi vegetatsiya (aprel—sentabr) davrida O‘zbekiston hududiga o‘rtacha 3,65 kilometr kub oqim olib kiradi. 2020-yilning vegetatsiya davrida ushbu qiymatning 82 foizi kirib kelgan. Shuningdek, aprel—may oylarida Zarafshon daryosi vegetatsiya oqimining o‘rtacha 20 foizi oqib o‘tadi. Bu qiymat 2021-yilda 11 foizga teng bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, Zarafshon daryosi iyun—iyul oylarida vegetatsiya davri oqimining 50 foizidan ko‘proq oqimi oqib o‘tadi. 2020-yilda ushbu qiymat 41 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilning iyun—iyul oylarida bu miqdor 45 foizga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.