Namangan viloyatining Chust tumanida ob-havoga ta’sir ko‘rsatilib, kuchli do‘l yog‘ishining oldini olish choralari ko‘rildi. Bu haqda gidrometeorologik ilmiy tahlillar, ob-havo bashoratlari, tadqiqotlar haqida xabar beruvchi Uzb_Meteo Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi Gidrometeorologiya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatish boshqaruv xizmati Chust stansiya xodimlari Chust tumanida rivojlanayotgan xavfli bulutlar ichiga to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatdi. Natijada kuchli do‘lli bulutlardan do‘l yog‘ishining oldi olinib, havodagi suv tomchilari birlashib, kattalashib, do‘lga aylanish ehtimolligi keskin pasaytirildi.

Uzb_Meteo ma’lumotlariga ko‘ra, 13—14-iyun kunlari Farg‘ona vodiy viloyatlarida beqarorlik, sovuq frontning shimoldan o‘tishi kutiladi. Bunda hozirgi issiq davrda joylarda vaqti-vaqti bilan chaqmoq-momaqaldiroq ko‘rinishidagi qisqa muddatli jala yog‘inlar, ayrim hududlarda do‘l yog‘ishi kuzatilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” 13—14-iyunda kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar sababli Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelish xavfi mavjudligidan ogohlantirgandi.