Andijonda ona bolasini kaltaklab, tilanchilik qilishga majburlab kelgani to‘g‘risida video tarqalgani xabar berilgandi. Ushbu holat yuzasidan Andijon tuman prokuraturasi “Daryo”ga qo‘shimcha ma’lumot taqdim etdi.

Foto: Videodan kadr

Qayd etilishicha, Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining 2021-yil 12-iyunida Andijon tuman ichki ishlar bo‘limiga yuborgan 08/19-1463-sonli xatiga ko‘ra, voyaga yetmagan T.Q. muqaddam Andijon tumani, “Xo‘ja” MFY, Tojik ko‘chasida yashagan onasi 1993-yil 13-mayda tug‘ilgan T.G. tomonidan muntazam urib, kaltaklanib kelayotgani yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali xabarlar aniqlangani hamda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlarini o‘tkazish so‘ralgan.

O‘tkazilgan surishtiruvda Andijon tumani “Xo‘ja” MFY raisi T.O‘. fuqaro T.G. ushbu mahallada yashamasligini ma’lum qilib, ushbu holatni tasdiqlovchi dalolatnomani taqdim etgan.

O‘tkazilgan surishtiruv va tezkor tadbirlar davomida T.G. tomonidan Andijon tumani hududida biron-bir huquqbuzarlik sodir etilmagani hamda ushbu fuqarolar doimiy (muqim) yashash joyiga ega emasligi, odatda Andijon shahrida joylashgan turli chiqindi qabul qilish va saralash uchun mo‘ljallangan joylarda yashab kelgani aniqlanib, birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Voyaga yetmagan T.Q. hozirda Andijon viloyati teri-tanosil kasalliklari shifoxonasida sog‘lig‘ini tiklash maqsadida davolanib kelayotgani aniqlanib, shifokorlar tomonidan uning ruhiy holatini inobatga olgan holda hozirda tushuntiruv olish va tekshiruvga jalb etish tavsiya etilmagan. Ish holatlaridan kelib chiqqan holda voyaga yetmagan T.Q.dan psixolog va pedagog ishtirokida keyinchalik tushuntirish olish maqsadga muvofiq deb topilgan.

Voyaga yetmagan T.Q.ning badanida tan jarohatlari yoki uning izlari mavjudligiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, ekspert tomonidan shifoxonada ko‘ruv o‘tkazilgan.

Foto: Videodan kadr

Ekspert A.Y.ning 13-iyundagi dastlabki xulosasida voyaga yetmagan T.Q.ning badanida yuz, burun og‘iz teshigi atrofida teri kasalligi, bosh qismida ko‘plab och pushti rangli teri butunligi buzilgandan so‘ng chandiqlar hamda kindik sohasi teshigi yuzasida katta yuzali qizg‘ish rangli dog‘lar, o‘ng dumba yuzasi tashqi kvadratidagi qon talash va o‘ng tirsak bo‘g‘imi tashqi yuzasida shilinma jarohatlar mavjudligi, kasallik tarixi hujjatlarini o‘rganish yakunlari bo‘yicha ekspert xulosasi tayyorlanishi qayd etilgan.

Ushbu holatga aloqador shaxslarni, shu jumladan, T.G. turgan joyini aniqlash va holat yuzasidan kechiktirib bo‘lmas surishtiruv harakatlarini o‘tkazish uchun to‘plangan hujjatlar hududiy jihatdan tegishliligi bo‘yicha surishtiruvni davom ettirish uchun Andijon shahar IIO va FMBga yuborilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan holda shahar IIOFMB tomonidan olib borilmoqda.