Buxoro viloyatining Olot tumanida maktab o‘quvchisi suvga cho‘kib vafot etgani va uning jasadi bir kundan so‘ng topilgani haqida xabar berilgan edi. Olot tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Farrux Ko‘makovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, 13-iyun kuni aynan shu tumandagi 16-maktabning 8-sinfini tugatgan o‘quvchi ham suvga cho‘kib vafot etgan.

“Shayxlar” MFY raisi Bobomurod Sevinchovga ko‘ra, shu mahallada yashovchi 14 yoshli F.N. 13-iyun kuni, taxminan, soat 11:30 da onasiga “o‘t-xashak yig‘ib kelaman”, deb uyidan chiqib ketgan va mahalladoshlari A.N., B.I. hamda E.E. bilan “Kesakli” mahallasi hududidagi katta hovuz suviga cho‘milishga borgan.

Qayd etilishicha, kun issig‘ida sovuq suvga sakragan F.N. suvda o‘zini boshqarolmay cho‘ka boshlagan. Sheriklari uni qutqarishga harakat qilgan bo‘lsa-da, F.N.ni suvdan olib chiqishga kuch topa olmagan. Bolalar shovqin ko‘tarib, mahalla aholisini chaqira boshlagan. Odamlar to‘planib, bir necha kishi bolani qutqarish uchun o‘zini hovuzga tashlagan.

“Ushbu hovuz Amu-Buxoro katta kanalidan kelib tushadigan suvlarni tindirishga moslashtirilgan bo‘lib, kengligi, taxminan, 15x20 hajmli, chuqurligi 2,5—3 metrni tashkil etuvchi suv ombori hisoblanadi. Mahalliy aholi buni ‘hovuz’ deb ataydi. Bola o‘rtoqlari bilan kun issig‘ida shu hovuzda cho‘milgan va juda qisqa fursatda vafot etgan. Mahalla odamlari jasadni hovuzdan olib chiqishgan”, — deydi “Kesakli” MFY raisi Islom Barrayev.