Dunyo va o‘zbek sportiga oid 14-iyun kunining muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

Futbol

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov JCh—2022 saralashi doirasida kechadigan Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Unda mutaxassis Toshkentdagi mag‘lubiyatli hisob o‘yinga mos bo‘lmagani va bu o‘yin haqiqiy kuchli jamoani aniqlab berishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, bu o‘yindagi mag‘lubiyat (hatto durang ham) O‘zbekistonni keyingi bosqichga chiqish imkoniyatidan mahrum etadi.

Jahon

Futbol

Messi koronavirus yuqtirib olishdan xavotirda

Foto: Marca

“Biz xavotirdamiz. Har birimiz koronavirus bilan kasallanish xavfi ostidamiz. Bu haqiqatda bizni xavotirga solmoqda, tartiblarga rioya qilgan holda o‘zimizni asrashga harakat qilyapmiz, biroq bu oson emas.

Bu ishlarni amalga oshirgan holda boshqa jamoalar bilan uchrashamiz va ularga qarshi o‘yinlarda zararlanish xavfi ham mavjud. Bu holat yuz bermasligi uchun harakat qilamiz. Ammo ko‘plab holatlarda bu bizga bog‘liq emas”, — deydi Messi.

Eslatib o‘tamiz, Argentina terma jamoasi 15-iyunga o‘tar kechasi Kopa Amerika—2021 musobaqasidagi ishtirokini boshlaydi. Jamoa Chiliga qarshi bahs olib boradi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Daniya Finlyandiyaga qarshi o‘yinning davom ettirilishini haqiqatda talab qilganmidi?

Kristian Eriksen bilan yuzaga kelgan ayanchli voqeadan keyin UEFA Daniya — Finlyandiya uchrashuvi bir kun keyinga qoldirilganini e’lon qildi, keyinchalik esa bahs voqeadan 1,5 soatdan keyin davom ettirildi. UEFA buni Daniya terma jamoasining xohishi bilan bo‘lganini e’lon qildi. Daniya sobiq darvozaboni Peter Shmeyxel esa vaziyat boshqacha bo‘lganini aytmoqda.

“UEFAning bayonnomasini ko‘rdim, unda qaror futbolchilar bilan maslahat qilingan holda chiqarilgani qayd etilgan, xuddiki o‘yinchilar uchrashuvni davom ettirishni talab qilgan. Biroq bu noto‘g‘ri.

O‘yinchilarga uchta variant taklif etilgan. Birinchisi — o‘yinning qolgan 50 daqiqasini darhol o‘ynab qo‘yish. Ikkinchi variant — keyingi kunning yarmida o‘ynash. Uchinchi — texnik mag‘lubiyat.

Endi o‘zingiz baho bering, o‘yinni darhol davom ettirish haqiqatda futbolchilarning istagimidi? Ularda tanlov bormidi? Men bunday o‘ylamayman. Xuddi murabbiydek, u o‘yinchilarning maydonga qaytishga qo‘yib berganidan g‘azabda ekanini aytdi”, — deydi Shmeyxel.

Yevro—2020 da navbatdagi rekord

Chexiya va Shotlandiya o‘rtasidagi uchrashuvda (2:0) chexlar hujumchisi Patrik Shik dubl qayd etdi. U ikkinchi golini maydon markazidan urdi. 45,4 metrdan urilgan gol Yevro tarixida eng uzoq masofadan kiritilgan to‘p bo‘ldi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Adrian yana bir mavsum “Liverpul”da qoladi

“Qizillar” ispaniyalik darvozabon bilan amaldagi shartnomani yana bir mavsumga uzaytirdi. Mersisayd jamoasi Adrianni 2019-yilning yozida o‘z safiga qo‘shib olgandi.

Foto: Twitter / @LFC

Ramos ham “Real”da qolishga yaqin

AS nashrining xabar qilishicha, Serxio Ramos “Real” avvalroq taklif qilgan kelishuv shartlariga rozi bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, tomonlar muzokaralarni qaytadan boshlaydi. Shuningdek, Isko ham ketish niyatida emas. U Anchelottiga hali jamoa uchun kerakli ekanini isbotlamoqchi.

Boks

Tayson Fyuri — Deontey Uaylder o‘rtasidagi jang rasman tasdiqlandi

Og‘ir vazn toifasida WBC chempioni Tayson Fyuri va sobiq chempion Deontey Uaylder o‘rtasidagi uchinchi jang 24-iyul kuni (Toshkent vaqti bilan 25-iyul tongi) Las-Vegasda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Top Rank promouterlik kompaniyasi ma’lum qildi.

Mazkur bokschilar o‘rtasidagi dastlabki jangda durang qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchi to‘qnashuvda Fyuri 7-raundda Uaylderni nokautga uchratgandi.

Foto: The Sun

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!