Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida COVID-19’ga chalinish holati ko‘paygani bois yangi cheklovlar joriy etiladi. Shahar gubernator Aleksandr Beglov tegishli farmonni imzoladi, deb yozadi “RBK”.

Foto: “TASS”

Farmonga ko‘ra, 17-iyundan boshlab shaharda quyidagi cheklovlar joriy etiladi:

  • umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi;
  • restoran va kafelarda bolalar xonalarining faoliyati to‘xtatiladi;
  • tamaddixonalarning xizmati to‘xtatiladi (temiryo‘l stansiyalari, aeroportlar, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida joylashgan, shuningdek, yetkazib berish bilan ishlaydigan tamaddixonalar bundan mustasno);
  • restoranlar soat 2:00 dan 6:00 gacha ishlamaydi (mehmonxona xonalariga, xonadonlarga, shuningdek, sanoat oshxonalariga yetkazib berish xizmati bundan mustasno);

Shuningdek, Sankt-Peterburg ma’muriyatining xabarida savdo markazlari uchun ham bir qator cheklovlar belgilangan:

  • bolalar xonalari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlarining faoliyati to‘xtatiladi, akvaparklar, akvariumlar, kinoteatrlar, kutubxonalar, fitnes markazlari bundan mustasno;
  • “orolchalar”da savdo va xizmat ko‘rsatish taqiqlanadi.
  • kinoteatrlarning bandlik darajasi 75 foizdan 50 foizgacha kamaytiriladi. Ommaviy tadbirlarda qatnashuvchilarning maksimal soni 3 ming kishini tashkil qiladi (ochiq havoda ham shuncha). Maskalardan foydalanish majburiy etib belgilanadi;
  • bitiruvchilar uchun “Medalistlar bali” tadbirini o‘tkazish bekor qilinadi;
  • 14-iyundan boshlab futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining muxlislar hududiga tashrif buyuruvchilar niqob taqishi shart, 17-iyundan esa ushbu hududda oziq-ovqat mahsulotlarini (ichimliklardan tashqari) sotish taqiqlanadi;
  • kompaniyalarga ish joyida xodimlarning yuzma-yuz bo‘lishini minimallashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi;
  • barcha tashkilotlarga aloqa yuzalarini dezinfeksiyalashni kuchaytirish tavsiya etiladi.

Bir kun oldin Beglov koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun Sankt-Peterburgda yangi xavfsizlik choralari ko‘rilishi mumkinligini aytgan. Gubernator, shuningdek, odamlar ko‘p bo‘lgan joylarni dezinfeksiyalashni kuchaytirishni buyurgan.

Eslatib o‘tamiz, Moskvada koronavirusga chalinganlar ko‘payib ketgani sababli yangi cheklovlar kiritilgan edi. Moskva meri Sergey Sobyanin 2021-yil 15-iyundan 19-iyungacha ish haqi saqlanib qolgan holda, shaharda dam olish kunlari deb e’lon qildi. Sergey Sobyanin ma’lum qilishicha, Moskvada koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning murakkablashishi sababli shahar kasalxonalarida minglab koykalar koronavirus bemorlariga moslashtirilmoqda.