Prezident Administratsiyasi tomonidan tonirovka narxini kamaytirishga oid qaror loyihasi ishlab chiqilgan. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.

“Hamkasbim Bahrom Rahmonaliyev bilan tonirovka narxini pasaytirish yuzasidan 2—3 xil takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishdan avval Ichki ishlar vazirligiga takliflarimizga munosabat bildirishlarini so‘rab, deputatlik so‘rovi yuborgandik.

Bugun Ichki ishlar vazirligidan so‘rovimizga javob kelibdi. Yomon tomoni, har doimgidek so‘rovga aniq javob yo‘q, takliflarimizga hech qanday munosabat bildirilmagan.

Yaxshi tomoni, javobda aytilishicha, tonirovka narxini kamaytirish yuzasidan Prezident Administratsiyasi tomonidan qaror loyihasi ishlab chiqilgan va bu loyihaga Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli takliflar bildirilgan”, — deb yozadi deputat.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021-yil 1-sentabrdan haydovchilardan transport boshqarish uchun ishonchnoma va tonirovka ruxsatnomasini talab etish tartibi bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda tonirovka uchun ruxsatnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham berish boshlangani hamda O‘zbekistonda qariyb 1,5 yilda “tonirovka” uchun 302 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgani haqida xabar berilgandi.