Sirdaryo tumani hokimligi mas’ullari o‘tirgan xonaga raqqosalar kirib kelgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Viloyat hokimligi matbuot xizmatining “Sirdaryo Xabarlari”ga ma’lum qilishicha, ushbu videotasvirlardan so‘ng Sirdaryo tumani hokimligi mas’ullari ishdan ketdi.

Kadr: Twitter

Xabarga ko‘ra, Sirdaryo tumani hokimi qarori bilan Sirdaryo tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nurali Sheraliyevich Mirzayev 14-iyun kunidan o‘z arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Shuningdek, Sirdaryo tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov ham 14-iyun kunidan o‘z arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu videotasvir ijtimoiy tarmoqlarda 13-iyun kuni tarqalgandi. Unda Sirdaryo tumani hokimi, tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspektori hamda boshqa bir necha mas’ul rahbarlar o‘tirgan xonaga raqqosalar kirib kelgani tasvirlangan. Viloyat hokimligi videolavhada aks etgan jarayon 2020-yil oktabr oyining o‘rtalarida taxminan kech soat 21:00 da (ishdan tashqari vaqtda) Sirdaryo tumanidagi “Yevro Aziya” restoranida sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.

Holat yuzasidan restoran ma’muriyati bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Mas’ul xodimlarga jamiyatda yurish-turish qoidalariga amal qilgan holda davlat xizmatchisi sifatida namuna ko‘rsatishlari lozimligi eslatilib, lavozimdan ozod etish kabi qat’iy chora qo‘llanilishi belgilangani aytilgandi.