Futbol bo‘yicha Yevropa chempionati guruh bosqichi 1-turi doirasida Polsha terma jamoasi 14-iyun, dushanba kuni Slovakiya bilan bahs yuritdi.

Foto: Twitter / “Daryo”

Uchrashuv kutilmaganda Slovakiyaning g‘alabasi bilan yakunlandi. 18-daqiqada Voychex Shchensni Robert Makning zarbasini o‘z darvozasiga to‘g‘rilab qo‘ydi. Bunga polyaklar ikkinchi bo‘limning avvalida Karol Linettining goli bilan javob qaytargandi. Biroq 69-daqiqada Milan Shkrinyar kuchli zarbasi bilan Polsha posbonini ranjitdi va jamoasining g‘alabasini ta’minladi. Qayd etish joiz, o‘yinning 62-daqiqasida Polsha bir kishi kam bo‘lib qoldi. Gjegoj Krixovyak maydonni jamoadoshlaridan erta tark etdi.

Guruhning ikkinchi o‘yinida Ispaniya Shvetsiya bilan to‘qnash keladi.

Yevro—2020

Guruh bosqichi, 1-tur

14-iyun, dushanba

Polsha — Slovakiya 1:2

Gollar: 0:1 – 18, avtogol Shchensni, 1:1 – 46 Linetti, 1:2 – 69 Shkrinyar.

Polsha: Shchensni, Bednarek, Bereshinski, Glik, Ribus (Puxach, 74), Klix (Moder, 85), Krixovyak, Zelinski (Shviderski, 85), Linetti (Frankovski, 74), Yuzvyak, Levandovski.

Slovakiya: Dubravka, Shkrinyar, Gubochan, Pekarik (Kosselnik, 79), Shatka, Mak, Garaslin (Dyurish, 87), Gamshik, Gromada (Groshovski, 79), Duda, Kuska.

Ogohlantirishlar: Gubochan (20), Krixovyak (22).

Chetlatish: Krixovyak (62).