Samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimligi matbuot xizmati xodimi “Mening yurtim” (MY5) telekanali jurnalistlarining ishiga aralashishga uringan. Qayd etilishicha, xodim xotira kartasini operator kamerasidan olib tashlab, og‘ziga solib “yeb qo‘ygan”.

Telekanal jurnalistining so‘zlariga ko‘ra, ijodiy guruh 14-iyun kuni tuman dehqon bozorida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatlari to‘g‘risida reportaj tayyorlash uchun Samarqandga yo‘l olgan. Uning ta’kidlashicha, tadbirkorlar bilan suhbatlashgan tuman hokimidan izoh olmoqchi bo‘lganida, hokimiyat matbuot xizmati xodimi Ilhom Boboyev jurnalistlarga qarshilik ko‘rsatishni boshlagan.

“Hokimlik axborot xizmati aynan yong‘in joyidan tasvirlar olishimizga qarshilik ko‘rsatib, muammo hal bo‘lganini ayta boshladi. Biz hech qanday muammoni emas, bo‘lgan voqeani yoritmoqchimiz, deyishimizga qaramasdan qarshilik ko‘rsatishda davom etdi.

Keyin esa to‘satdan kameramizdan xotira kartasini olib qo‘ydi. Sheriklarim uning kartani og‘ziga solib, chaynab yuborganini aytmoqda. Axborot xizmati xodimi kartani chaynab yo‘q qildimi, yutib yubordimi, nima qildi, aniq bilmayman. Ammo unda juda muhim ishlarimiz bor edi. Tezda vaziyatga IIB xodimlari aralashib, Ilhom Boboyevning bizga qarshiligini to‘xtatdi, ammo baribir xotira kartasiz qoldik”, — deydi muxbir.

Ishtixon tuman hokimligi axborot xizmati rahbari mazkur holat bo‘yicha izoh ham bergan.

“Bozordagi holatni o‘rganish uchun kechasi soat 01:00 da borgandik. Tushga yaqin endi odamlarni tinchlantiray deganimizda hammasi qaytadan boshlandi. Fuqarolardan intervyu olishlari jarayonida yana odam yig‘ilib ketdi. Odamlar jazavada ekanini bir necha bor tushuntirdim, odamlar, ayollar yana urishib ketishdi. Xullas, tushunmovchilik bo‘ldi”, — degan u.

Samarqand viloyati hokimligi mazkur holat nazoratga olinganini ma’lum qilgan.

“Ishtixon tumanida hokimlik matbuot xizmati va jurnalist bilan bog‘liq holat viloyat hokimligi axborot xizmati hamda AOKA hududiy boshqarmasi tomonidan ikkala tomon ishtirokida to‘liq o‘rganib chiqilishi belgilandi”, — deyilgan xabarda.

Bundan avval Qarshida IIB xodimi “Daryo” muxbiriga qo‘pollik bilan tahdid qilgani, Toshkentda bir yil davom etgan sud ishidan so‘ng jurnalistni haqorat qilgan bosh shifokor aybdor deb topilgani hamda bloger Otabek Sattoriyga 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani haqida xabar berilgandi.