Germaniyaning Die Welt gazetasi jurnalisti Yoxann Altxaus SSSR bilan urushda Germaniyaning mag‘lubiyatiga olib kelgan xato haqida aytib berdi, deb yozadi “InoSMI”.

Foto: Reuters

Jurnalistning maqolasida keltirilgan fikrga ko‘ra, vermaxt (fashistlar Germaniyasi Qurolli Kuchlari)ning Yevropadagi tezkor g‘alabalari Reyx (Olmoniya Imperiyasining norasmiy nomi) rahbariyati tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Fransiya va Yugoslaviya Germaniyani blitskrig (Germaniyada XX asr boshida tuzilgan “Yashin tezligidagi urush” nazariyasi) Sovet Ittifoqida ham ish berishi mumkinligiga ishontirgan. Shuningdek, ushbu g‘oya targ‘ibot filmlari tufayli mamlakatda juda ommalashgan.

Maqolada 1941-yil fevral oyida nemis kinoteatrlarida namoyish etilgan “G‘arbdagi g‘alaba” filmi esga olinadi. Altxausning so‘zlariga ko‘ra, film tomoshabinlarga juda kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

“G‘arbdagi g‘alabani” tomosha qilgan odamning miyasiga “yashin tezligidagi urush” strategiyasi tufayli vermaxt tasavvurga sig‘adigan va aqlbovar qilmas barcha raqiblarini yengishga qodir, degan fikr singib qolardi. Aynan shu ishonch sharqqa yurish halokati sabablaridan biriga aylandi”, — deb yozadi jurnalist.

Harbiy tarixchi Karl-Xayns Frizer o‘zining “Blitskrig haqida afsona” kitobida nemis armiyasining Yevropadagi muvaffaqiyati puxta rejalashtirishga emas, balki “birinchidan, tushunarsiz tasodiflarga, ikkinchidan, G‘arb ittifoqchilarining tushunarsiz xatolariga, uchinchidan, ba’zi umidsiz tank generallarining tushunarsiz tashabbuslariga” asoslangani haqida dalillar keltiradi.

G‘arbdagi g‘oliblik kampaniyasidan so‘ng Gitler shunday degan: “Endi biz nimaga qodir ekanligimizni namoyish etdik. Ishoning, Rossiyaga qarshi kampaniya buning oldida qum maydonchasidagi o‘yin bo‘lib qoladi”.

Gitler bildirgan fikr keyingi oylarda tobora ommalashib borgan. 1941-yil aprel oyida Yugoslaviyaning tez fursatdagi mag‘lubiyati nihoyat Gitler Germaniyasining siyosiy va harbiy rahbariyatini nemis harbiy mashinasining yengilmas ekaniga ishontirdi.

“Reyx rahbarlari ularning qo‘lida butun dunyoda blitskrigni qo‘llash bo‘yicha yagona to‘g‘ri retsept borligiga amin edilar”, — deyiladi maqolada.

Shu bilan birga, Germaniya bunday urushga tayyor emas edi. 1940-yildagi iqtisodiyot hali keng ko‘lamli harbiy ishlab chiqarishga o‘tkazilmagan edi. Va nihoyat nemis tanklari Sovet Ittifoqining T-34 tanklaridan kam edi.

“Uch oydan ko‘p bo‘lmagan blitskrig sifatida rejalashtirilgan SSSRga qarshi kampaniya boshqa omillar qatori yuqoridagi sabablarga ko‘ra (shuningdek, mintaqaning bepoyonligi va Stalin imperiyasining tom ma’noda bitmas-tuganmas boyliklari tufayli) uzoq va qiyin jangga aylandi.  Buni siyosiy rahbarlar ham, tegishli xodimlar ham kutmagan edi, ular o‘z-o‘zini gipnoz qilish domiga tushib qolgandi... Ammo buni ‘o‘z-o‘zini aldash’ deb ham atash mumkin”, — deb xulosa qiladi maqola muallifi.