O‘zbekistonda “Andijon muzqaymoqlari” nomi ostidagi mahsulot patentlandi. Bu haqda “Bu kun” informatsion dasturida xabar qilindi.

Sohada 15 yillik tajribasi bor tadbirkor Hikmatulloh Madrahimov “Andijon muzqaymoqlari”ni tayyorlashni 5 yil avval boshlagandi. Muzqaymoq mashhur bo‘lgach, uni uy sharoitida tayyorlab, sotadiganlar ham paydo bo‘la boshladi.

“Tadbirkorlik ro‘yxatida yo‘q odamlar ham uy sharoitida qo‘lbola ravishda ishlab chiqarib sotyapti. Reydlarda tushgan ‘Andijon muzqaymoqlari’ deya sotilgan muzqaymoqlar orasida bizning mahsulotlar yo‘q edi”, — deydi “Andijon muzqaymoqlari” rahbari Hikmatulloh Madrahimov.

Qo‘lbola usulda tayyorlanganlari ortib, hududlarda sanitar talablarga zid muzqaymoqlar ko‘paygach, tadbirkor asl muzqaymoq ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Biroq sotuvchilar o‘zi tayyorlagan mahsulotni shu nom bilan sotishda davom etdi.

Hikmatulloh Madrahimov “Andijon muzqaymoqlari”ni patentladi. Endi uni qalbakisidan ajratib olish qiyin emas.

“Har bir biznesda raqobat bor. Biz nima ishlab chiqarsak, orqasidan ‘kopiya’si ishlab chiqarilyapti. Shuning uchun biz bu holatni o‘rganib, nima qilsak, mijozlarimiz faqat bizdan o‘zimizning brendimiz nomini ko‘rib sotib oladi deb o‘ylab, yangi aravachalar ishlab chiqardik. Bu aravachalarni ham ‘Andijon muzqaymoqlari’ kabi patentladik”, — deydi Hikmatulloh Madrahimov.

Qayd etilishicha, Toshkentga shunday aravachalardan 40 dona yuborish rejalashtirilgan.