Ijtimoiy tarmoqda “Spark haydovchisi YPX xodimini sayr qildirdi” sarlavhasi ostida video tarqaldi. YHXBB mabuot xizmati voqea 19-iyun kuni soat 19:30 larda Andijon viloyati, Andijon shahar, Bobur shoh ko‘chasida yuz berganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Qayd etilishicha, Spark haydovchisi YPX xodimi inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatda davom etgan. YPX xodimi aloqa vositasi yordamida o‘zidan keyingi xodimga avtomobil ma’lumotlarini yetkazgan. Haydovchi keyingi YPX xodimining ham to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan va avtomobil kapotiga osilib qolgan inspektor bilan haydashda davom etgan.

Taxminan 50-60 metr masofadan so‘ng YPX xodimi kapotdan tushib qolgan. Haydovchi esa harakatni davom ettirib hodisa joyidan ketib qolgan.

YPX xodimi holat yuzasidan bildirgi orqali viloyat IIB YHXB boshlig‘iga ma’lum qilgan. Mazkur holat natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz yanvar oyining boshlarida Toshkentda YPX xodimini mashinasi kapotida 10-20 metrcha sudrab ketgan haydovchiga chora ko‘rilgandi. Fevral oyida esa Buxoroda YPX inspektorini Tico kapotida sudrab ketgan haydovchi 15 sutkaga, Qo‘qonda YPX xodimini Nexia kapoti ustida sudrab ketgan haydovchi 1,5 yilga qamalgandi.