Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar uchun mo‘ljallangan “Aqlvoy” telekanali orqali namoyish etilgan “Shaxrizoda. Aytilmagan hikoyalar” va “Art-Odissey” multseriallaridagi 2 ta lavha keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Telekanal ma’muriyati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: Efirdan kadr

Unda aytilishicha, ushbu yo‘l qo‘yilgan xato bo‘yicha butun kanal ijodkorlari kerakli tanbehni olgan. Ular yana bir bor “Bolalarni ularning sog‘ligiga ziyon yetkazuvchi axborotlardan himoya qilish” to‘g‘risidagi qonun talablari bilan tanishtirib chiqilib, qonun buzilishi holatlarida intizomiy jazo qo‘llanilishi haqida ogohlantirilgan. Shuningdek, kontent nazorati kuchaytirilishi uchun qo‘shimcha xodim ishga olingan.

Foto: Efirdan kadr

“Afsus bilan shuni tan olamizki, bolalarda yangilikka intilish, ularni jahon madaniy merosi bilan tanishtirish, atrof-muhitni o‘rganishga qiziqish uyg‘otishga qaratilgan kontent tanlanganiga qaramay, uning ichida kichik yoshdagi bolalar uchun noma’qul bo‘lgan sahnalar inson omili sabab efirga uzatilgan. Kelajakda yuqoridagi kabi xatolarga yo‘l qo‘yilmaslik uchun dublyaj bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar bilan qo‘shimcha kelishuvlar amalga oshirildi. Endi ularga ma’naviyatimizga zid bo‘lgan lavhalar haqida ma’lumot berib turish majburiyati topshiriladi”, — deyiladi munosabatda.

Shuningdek, telekanal har jihatdan hali juda yosh va 2021-yilning 22-martidan boshlab test rejimida efirga uzatib borilayotgani, tom ma’noda telekanal endi oyoqqa turayotgani, yo‘l qo‘yilgan xatolar kanalning kelgusida ehtiyotkorlikka amal qilishiga, uning yanada yaxshilanishi, qiziqarli va foydali bo‘lishiga turtki bo‘lishi ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda bolalar uchun mo‘ljallangan ta’lim va ko‘ngilochar ushbu telekanal 2021-yilning 22-martidan faoliyat boshladi. Telekanal maktabgacha ta’lim vazirligi ko‘magi bilan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil avgust oyida qabul qilingan “Ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar — ma’rifiy telekanalini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, bir necha yil avval “Sevimli TV” film namoyishi vaqtida ko‘rsatilgan ochiq yotoq sahnasi uchun barcha teletomoshabinlardan uzr so‘ragandi.