Navoiy viloyati Xatirchi tumanida qizi bilan jinsiy aloqa qilganlikda gumonlangan erkak sharmanda bo‘lmaslik uchun tergovchiga pora taklif qilgani uchun sudlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Jinoyat tafsilotlariga ko‘ra, 62 yoshli A.Xamrayev (shaxsi o‘zgartirilgan) 2021-yil 10-mart kuni soat 12:00 larda Xatirchi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi surishtiruv guruhi surishtiruvchisi M.Rabbimovning ish yurituvidagi qizi Z.Akromovaning (shaxsi o‘zgartirilgan) u bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelganligi mazmunidagi og‘zaki murojaati bo‘yicha sharmanda bo‘lmaslik maqsadida ishni ijobiy hal qilib berishi uchun M.Rabbimovga 1 million so‘m pora taklif qilgan.

Holat yuzasidan M.Rabbimovning bildirgisi asosida Navoiy viloyat IIB va Xatirchi tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan 20-mart kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.Xamrayev Xatirchi tuman IIB ma’muriy binosidagi M.Rabbimovning xizmat xonasida unga 800 ming so‘m berganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sudda Xatirchi tuman prokurori tomonidan 27-aprel kuni aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvni tuzishda ayblanuvchining protsessual huquqlari tergov organi tomonidan ta’minlanib, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv tuzish haqidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan.

Sudlanuvchi A.Xamrayev sodir etgan jinoyatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, muqaddam sudlanmaganligini, uning aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, Jinoyat kodeksi 211-moddasi (pora berish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Unga Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida uzil-kesil 1 yil 9 oy 23 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.